Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda

May 14, 2026. 15:40 • 4 daq

42
Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda

Tarixiy tashrif: Tramp Szinpin bilan muzokara o‘tkazish uchun Xitoyga keldi

AQSH prezidenti Donald Tramp rasmiy tashrif bilan Xitoyga yetib keldi. Bu Amerika yetakchisining 2017-yildan buyon Pekinga amalga oshirgan ilk tashrifidir. O‘shanda Tramp prezidentlik saylovlaridagi g‘alabasidan so‘ng ushbu mamlakatda mehmonda bo‘lgandi. Davlat delegatsiyasi tarkibiga AQSH davlat kotibi Marko Rubio, moliya vaziri Skott Bessent, mudofaa vaziri Pit Hegset kirgan. Biznes vakillari orasida esa “Apple” rahbari Tim Kuk, “Tesla” rahbari Ilon Mask bor.

Manba: BBC

***

Zelenskiyning ishongan odami qamaldi

Kiyev shahar sudi Vladimir Zelenskiy idorasining sobiq rahbari Andrey Yermakni 140 million grivna (taxminan 3,1 million dollar) garov evaziga ozod qilish imkoniyati bilan 60 sutkalik qamoq jazosiga hukm qildi. Hukm bugun, 14 may kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida eʼlon qilindi. 

Manba:  Politico

***

Turkiya maktablarida Markaziy Osiyoni Turkiston deb atashga o‘tildi

Turkiya taʼlim muassasalarida endilikda Markaziy Osiyo Turkiston deb ataladi. “Turkiya asri maʼrifat modeli” deb nomlangan yangi taʼlim dasturi doirasida maktab darsliklaridan hukumat tashqaridan tiqishtirilgan deb hisoblangan bir qator tushunchalar olib tashlangan. “Salib yurishlari” endilikda “Salib bosqinlari”, “geografik kashfiyotlar” – “mustamlakachilikning boshlanishi”, “Markaziy Osiyo” esa “Turkiston” deb ataladi.

Manba: Anadolu

***

Kubada yonilg‘i butunlay tugadi

Kuba energetika va konchilik vaziri Visente de la O Levi mamlakatda dizel, mazut va xom neft zaxiralari umuman qolmaganini eʼlon qildi. AQSH tomonidan o‘rnatilgan neft blokadasi tufayli poytaxt Gavanada so‘nggi o‘n yilliklardagi eng og‘ir elektr uzilishlari kuzatilmoqda.

Manba: BBC  

***

Latviya Rossiya va Belarus bilan avtobus qatnovini butunlay taqiqlamoqchi

Latviya transport vazirligi Rossiya va Belarusga avtobus qatnovlarini butunlay to‘xtatishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini tayyorladi. Bu taqiq ham muntazam, ham tranzit yo‘nalishlarga tegishli. Har ikki yo‘nalishda tartibsiz qatnovlar 2025-yil 1-noyabrdan boshlab taqiqlangan edi. Yangi o‘zgartishlar qabul qilingach, Davlat transport boshqarmasi maʼmuriy tartib-taomillar asosida tashuvchilarning ruxsatnomalarini bekor qiladi.

Manba: Deutsche Welle

***

Zelenskiy xotini bilan ajrashmoqchi

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy rafiqasi Yelena bilan ajrashishga tayyorgarlik ko‘rgan va unga Kiyev yaqinidagi “Dinastiya” hashamatli turar-joy majmuasidagi kottejlardan birini qoldirishni rejalashtirgan.

Manba: RIA Novosti    

***

Rossiyada mitinglarda ishtirok etgan xorijliklar deportatsiya qilinadi

Rossiya Davlat Dumasi xorijliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni mamlakatdan chiqarib yuborishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Unga ko‘ra, ruxsat etilmagan mitinglarda qatnashgan hamda Rossiya armiyasini obro‘sizlantirgan xorijliklar deportatsiya qilinadi. 

Manba: Deutsche Welle  

***

Netanyaxu urush payti BAAga yashirincha tashrif buyurgani maʼlum bo‘ldi

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Eronga qarshi urush paytida BAAga yashirincha tashrif buyurgan. Netanyaxu tashrif davomida amirliklar prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid bilan uchrashgan. Taʼkidlanishicha, ikki davlat Eronning yirik neft-kimyo obyektiga hujumni ham muvofiqlashtirgan. Isroil va BAA 2020 yilda munosabatlarni normallashtirdi. 2018-yilda ham Netanyaxu bin Zoid bilan maxfiy uchrashuv o‘tkazgan edi.

Manba: The Times of Israel   

***

Qamchibek Tashiyev ishi sudga oshirildi

Qirg‘iziston sobiq xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyevning maxfiy ishi sudga o‘tkazildi. Qirg‘iziston Respublikasi Bosh prokuraturasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbariga qarshi ayblovni tasdiqladi. Bu haqda advokat Ikramidin Aytqulov xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kamchibek Tashiyev hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olishga tayyorgarlik ko‘rish va mansab vakolatini suiisteʼmol qilishda ayblanmoqda.

Manba: Kaktus Media

***

Putin Belgorod va Bryansk rahbarlarini lavozimdan oldi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Belgorod va Bryansk viloyatlari gubernatorlari ­Vyacheslav Gladkov hamda Aleksandr Bogomazning isteʼfosini qabul qildi. Rasmiy maʼlumotga ko‘ra, ular lavozimini “o‘z xohishiga ko‘ra” tark etgan. Belgorod viloyati rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib Aleksandr Shuvayev tayinlandi. U Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etgan. Bryansk viloyati rahbari vazifasini vaqtincha bajarish Yegor Kovalchukka topshirildi. U Rossiya prezidenti huzuridagi davlat xizmati akademiyasi bitiruvchisi hisoblanadi.

Manba: Deutsche Welle

***

Moskvaga qilingan hujumlarni rasm va videoga olish taqiqlandi

Moskvaga qilingan havo hujumlari oqibatlarini rasm va videoga olish, ular haqida matn yozish taqiqlandi. Tegishli qaror Antiterror komissiyasi tomonidan “feyk xabarlar tarqalishining oldini olish” maqsadida qabul qilingan. Cheklovlar alohida qaror chiqarilgunga qadar amal qiladi. Taqiq Rossiya Mudofaa vazirligi, Moskva meri va shahar hukumati rasmiy saytlarida eʼlon qilingan maʼlumotlarga tatbiq etilmaydi.

Manba: Interfaks

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish