Buxoro 2027-yilda YUNESKOning Kreativ shaharlar tarmog‘i xalqaro konferensiyasiga mezbonlik qiladi
Noyabr 29, 2026. 10:30 • 2 daq
• 186ES-SUVYEYRA, 29-noyabr. /“Dunyo” AA/. Tarixiy va madaniy merosi bilan dunyoga mashhur Buxoro shahri 2027-yilda YUNESKO Kreativ shaharlar tarmog‘ining (UCCN) XIX yillik xalqaro konferensiyasiga mezbonlik qiladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Marokashning Es-Suveyra shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Kreativ shaharlar tarmog‘ining XVIII yillik konferensiyasi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan maxsus taqdimot tashkil etildi.
Unda Buxoroni 2027-yilgi navbatdagi konferensiyaga mezbon shahar sifatida tayyorlash konsepsiyasi, shaharning ijodiy industriyalarni rivojlantirish borasidagi tajribasi va xalqaro madaniy muloqot maydoni sifatidagi imkoniyatlari namoyish etildi.
Tadbirda 53 mamlakatdan 123 ta shahar vakillari ishtirok etdi. O‘zbekiston delegatsiyasi kelgusi konferensiyaning asosiy yo‘nalishlari bilan tanishtirib, uning madaniyat, ijodiy sanoat va barqaror shahar rivojlanishi sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirishdagi ahamiyatini ta’kidladi.
Taqdimot davomida Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi, hunarmandchilik an’analari va zamonaviy ijodiy industriyalarni rivojlantirish borasidagi salohiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda Buxoro YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy shahar hamda “Hunarmandchilik va xalq amaliy san’ati” yo‘nalishi bo‘yicha Kreativ shaharlar tarmog‘ining a’zosi hisoblanadi.
Buxoroda konferensiya o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2025-yilda Samarqandda bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida ilgari surilgan edi.
Kelgusi konferensiyaning yana bir muhim jihati 2027-yilda Buxoroda o‘tkaziladigan Ikkinchi Buxoro zamonaviy san’at biyennalesi bilan uzviy bog‘liqligidir. “Asrlar osha mehmondo‘stlik” mavzusida tashkil etiladigan biyennale xalqaro madaniy almashinuvni kuchaytirish, turli mamlakatlar ijodkorlari va san’at vakillari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Mutaxassislar fikricha, Buxoroda YUNESKO Kreativ shaharlar tarmog‘ining yillik konferensiyasi o‘tkazilishi O‘zbekiston uchun katta xalqaro ahamiyatga ega. Zero, mazkur tadbir Markaziy Osiyoda ushbu tarmoqning birinchi yillik konferensiyasi bo‘ladi. Bu esa mintaqaning madaniy va ijodiy salohiyatini xalqaro maydonda keng namoyish etish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Shu bilan birga, konferensiya mamlakatning turistik jozibadorligini oshirish, madaniyat va kreativ iqtisodiyot sohalariga xorijiy hamkorlar va investitsiyalarni jalb qilish, xalqaro professional aloqalarni mustahkamlashga ham xizmat qilishi kutilmoqda.
Buxoroning 2027-yilgi xalqaro konferensiyaga mezbonlik qilishi nafaqat shaharning boy tarixiy merosi va hunarmandchilik an’analarini jahonga tanitish, balki O‘zbekistonning zamonaviy madaniy taraqqiyoti, ijodiy industriyalari va xalqaro hamkorlik salohiyatini namoyon etish uchun muhim imkoniyatdir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


