Venada standartlashtirish va metrologiya sohasidagi zamonaviy yondashuvlar ko‘rib chiqildi

Noyabr 27, 2026. 18:10 • 2 daq

• 162
Venada standartlashtirish va metrologiya sohasidagi zamonaviy yondashuvlar ko‘rib chiqildi

VЕNA, 27-noyabr. /“Dunyo” AA/. Avstriya poytaxtida BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (UNIDO) tashkil etilganining 60 yilligi hamda Sanoatni rivojlantirish kengashining 54-sessiyasiga bag‘ishlangan tadbirlarda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakillari ham ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu tadbir doirasida UNIDO, mamlakatimiz va Panamaning Avstriyadagi doimiy vakolatxonalari hamda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamkorligida “Metrologiya – barqaror rivojlanishga strategik investitsiya” mavzusida xalqaro panel sessiyasi tashkil etildi.

Unda xalqaro tashkilotlar, hamkor davlatlar vakillari va soha mutaxassislari ishtirok etib, metrologiya va sifat infratuzilmasining sanoat taraqqiyoti, xalqaro savdo hamda barqaror iqtisodiy o‘sishdagi strategik ahamiyatini muhokama qildi.

Xususan, ishonchli va aniq o‘lchash tizimlarini rivojlantirish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, mahsulotlarning xalqaro standartlar va bozor talablariga muvofiqligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakillari Avstriyaning tegishli tashkilotlari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazdi. Avstriya Federal metrologiya va geodeziya idorasi vakillari bilan muloqotda mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash, bozor nazoratini samarali tashkil etish, to‘qimachilik va boshqa turdagi mahsulotlarning belgilangan standartlarga muvofiqligini monitoring qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar milliy tajriba va amaliy nazorat mexanizmlari bilan o‘rtoqlashib, mahsulotlar xavfsizligini nazorat qilish tizimini takomillashtirish, ilg‘or xalqaro amaliyotni milliy tizimga joriy etish hamda o‘zaro tajriba almashinuvini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

Avstriya qurilish muhandislik instituti vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda qurilish mahsulotlari xavfsizligi, texnik jihatdan tartibga solish, bozor nazorati va qurilish materiallarining xalqaro standartlarga muvofiqligini baholash masalalari kun tartibidan joy oldi.

Qurilish materiallari ustidan monitoring olib borish, texnik talablarni tekshirish hamda Avstriyaning ilg‘or tajribasini O‘zbekiston milliy sifat infratuzilmasiga tatbiq etish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

Vena shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro tadbirlar va ikki tomonlama uchrashuvlar O‘zbekistonning texnik jihatdan tartibga solish, metrologiya, standartlashtirish, mahsulotlar xavfsizligi va bozor nazorati sohalaridagi xalqaro hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish