“Daily Financial Time”: O‘zbekiston–O‘mon investitsiya kompaniyasi qiymati 936,3 million dollarlik loyihalarni amalga oshirmoqda
Noyabr 16, 2026. 13:00 • 2 daq
• 102
ISLOMOBOD, 16-noyabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Daily financial Time” nashrida “O‘zbekiston va O‘mon: sarmoya, ishlab chiqarish va yangi bozorlarga eltuvchi yo‘nalishlar” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston uchun O‘mon bilan sheriklik milliy iqtisodiyotga sarmoya jalb qilish va o‘zbek mahsulotlarining Ko‘rfaz hamda Sharqiy Afrika bozorlariga kirish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Investitsiyaviy hamkorlik doirasida qator loyihalar allaqachon yakunlangan bo‘lsa, O‘mon operatorining Toshkentdagi yuk terminallarini sotib olishi keyingi bosqich uchun logistika tayanchini yaratdi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Maskatga tashrifi arafasida ushbu imkoniyatlarni yangi ishlab chiqarish quvvatlari va muntazam yetkazib berish tizimi bilan bog‘lash vazifasi birinchi o‘ringa chiqmoqda.
Maqolada oliy darajadagi muloqotlarda ushbu kun tartibi bo‘yicha aniq tarmoq yo‘nalishlari belgilangani ta’kidlangan. Xususan, 2026-yil mart oyida Shavkat Mirziyoyev va Sulton Haysam bin Toriq Ol Said mintaqadagi vaziyat hamda Maskatga bo‘lajak tashrifni muhokama qilgan.
Shu yil iyun oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘mon iqtisodiyot vazirini qabul qilgan O‘zbekiston Prezidenti transport va logistika, geologiya, elektron tijorat hamda raqamli infratuzilma sohalaridagi loyihalarga alohida e’tibor qaratdi.
Maqolada yozilishicha, O‘zbekiston va O‘mon hamkorlik kun tartibining hozirgi kengayishidan ancha avval yaratilgan investitsiya mexanizmiga ega. O‘zbekiston–O‘mon investitsiya kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risidagi qaror 2009-yilda qabul qilingan.
Bugungi kunda uning ustav kapitali 266 million dollarni tashkil etadi. Ikki tomonlama hamkorlik doirasida umumiy qiymati 510,8 million dollarlik 12 ta loyiha yakunlangan, yana 936,3 million dollarlik 16 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
O‘zaro savdoning katta salohiyati allaqachon namoyon bo‘la boshladi. 2026-yil yanvar–sentabr oylarida tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,4 baravarga oshdi.
2026-yil iyul oyidan buyon amalga oshirilayotgan Maskat–Toshkent to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlari ishbilarmonlik aloqalari uchun yanada qulay sharoit yaratmoqda.
Yangi ishlab chiqarish quvvatlari va muntazam yuk tashish xizmatlari yo‘lga qo‘yilishi bilan sheriklik O‘zbekiston eksporti geografiyasini kengaytiradi hamda O‘monning Markaziy Osiyo bilan iqtisodiy aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi