Chexiya kompaniyasi O‘zbekistondan muzlatilgan meva mahsulotlarini xarid qilmoqchi
Avgust 06, 2026. 14:00 • 57 soniya
• 7
PRAGA, 6-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Chexiyaning “NEGOCIO s.r.o.” kompaniyasi vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Chexiyaning oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha yetakchi importchilari va ulgurji yetkazib beruvchilari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda o‘zaro qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosini kengaytirish masalasi muhokama qilindi. Shu bilan birga, tomonlar O‘zbekistonda yetishtirilgan muzlatilgan mevalarni Yevropa bozoriga eksport qilish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratdi.
Xususan, chexiyalik ishbilarmonlar yurtimizda yetishtirilgan malina, o‘rik, olxo‘ri va boshqa meva-rezavorlarga katta qiziqish bildirdi. Ishtirokchilar Chexiya bozoriga qayta ishlangan meva mahsulotlarini yetkazib berish imkoniyatlari yuzasidan ham fikr almashdi.
Tomonlar Chexiya va O‘zbekiston tadbirkorlari o‘rtasida B2B formatida muzokaralar o‘tkazish, hamkorlikni yanada rivojlantirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatishga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi