O‘zbekiston va Iordaniya qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
Avgust 06, 2026. 12:00 • 2 daq
• 63
AMMON, 6-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Iordaniya qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy tadqiqotlar hamda o‘simlik va hayvonot genetik materiallarini almashish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Iordaniyaning “Al Mashhad Al Youm” axborot agentligiga tayanib.
Memorandum Iordaniya Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Milliy qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari markazi hamda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida imzolandi.
Iordaniya qishloq xo‘jaligi vaziri doktor Saib Abdel Halim Al-Xureysat O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillaridan iborat delegatsiyani qabul qilish chog‘ida Iordaniya Qirolligi va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar chuqur ildizlarga ega ekanini taʼkidladi.
Vazirlik bayonotiga ko‘ra, Al-Xureysat ushbu memorandum avvalroq bo‘lib o‘tgan yuqori darajadagi tashrif yakunlari bo‘yicha erishilgan Iordaniya va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlikning Ijro dasturi bandlarini amalga oshirish doirasida imzolanganini taʼkidladi.
Qayd etilishicha, ushbu hamkorlik o‘simlik turlari va navlarini baholash hamda rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma tajriba va tadqiqotlar o‘tkazish, ilmiy-texnik bilimlar bilan o‘rtoqlashishda muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, ikki mamlakat tadqiqotchilari va mutaxassislarining o‘zaro ilmiy hamda dala tashriflarini tashkil etish orqali barqaror ilmiy-tadqiqot sherikligining mustahkam poydevorini shakllantiradi.
Uchrashuvda O‘zbekiston tomoniga Iordaniya Milliy urug‘chilik bankida saqlanayotgan don va sabzavot ekinlari urug‘lari namunalari topshirildi.
Ushbu urug‘lar tuproq va sug‘orish suvining sho‘rlanishiga chidamliligi bilan ajralib turadi. Bu esa ulardan sho‘rlanish sharoitiga yanada moslashgan navlarni yetishtirishga qaratilgan tadqiqot dasturlari va qishloq xo‘jaligi tajribalarida foydalanish imkonini beradi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni ham Iordaniyaga don va sabzavot ekinlari urug‘lari namunalarini taqdim etdi.
Tadqiqot sohasidagi hamkorlik doirasida “Avassi” zotining ustun genetik xususiyatlaridan foydalanish hamda chorvachilikda genetik takomillashtirish va rivojlantirish dasturlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston tomoniga ushbu zotdor qo‘ylar ham topshirildi.
O‘zbekiston tomoni Iordaniya Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Milliy qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari markaziga ikki mamlakat o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi