O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Kuvaytga navbatdagi ho‘l meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilindi
Iyul 30, 2026. 12:30 • 2 daq
• 329AL-KUVAYT, 30-iyul. /“Dunyo” AA/. Elchixona ko‘magida Kuvaytning “Suma Fruits” kompaniyasi hamda O‘zbekistonning “Globuz Marketing” korxonasi o‘rtasida tuzilgan shartnoma doirasida ikki tonnaga yaqin navbatdagi ho‘l meva-sabzavot mahsulotlari Toshkent–Sharja–Al-Kuvayt hamda Toshkent–Masqat–Kuvayt yo‘nalishlari orqali eksport qilindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Shu bilan birga, elchixona tashabbusi bilan o‘zbek mahsulotlarini Kuvayt bozoriga eksport qilish maqsadida O‘zbekistonning “Diamond Hills” korxonasi hamda mahalliy “Suma Fruits” va “Starfruit” kompaniyalari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini Kuvayt bozoriga eksport qilishni yana-da kengaytirish, tovarlarni sertifikatlashtirish, sanitariya-gigiyena talabi bo‘yicha tegishli ruxsatnomalarni rasmiylashtirish hamda logistika masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralar chog‘ida Kuvayt kompaniyalari vakillari sifatli mahsulotlarni uzluksiz yetkazib berish imkoniyatiga ega bo‘lgan o‘zbekistonlik eksportchilar bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.
Xorijiy hamkorlarga “Diamond Hills” korxonasining mahsulotlari katalogi taqdim etildi. Tomonlar katalogda keltirilgan mahsulot turlari, ularning narxlari va yetkazib berish shartlarini ichki tartibda o‘rganib chiqqanidan so‘ng amaliy hamkorlikni boshlash bo‘yicha keyingi bosqichga o‘tishga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



