Daniyel Kristan Chobanu: O‘zbek tili juda boy turkiy til bo‘lib, uning ahamiyati kundan kunga ortib bormoqda
Oktabr 18, 2026. 16:00 • 2 daq
• 12
TOSHKENT, 18-oktyabr. /“Dunyo” AA/. Ruminiya elchisi Daniyel Kristan Chobanu “Dunyo” AAga bergan intervyusida O‘zbekiston xalqini-21-oktyabr kuni nishonlanadigan O‘zbek tili bayrami kuni bilan tabrikladi:
– Barcha o‘zbekistonliklarni O‘zbek tili bayrami kuni bilan samimiy tabriklayman. Ushbu tadbirda ishtirok etish men uchun katta sharaf.
Milliy tilni rivojlantirish O‘zbekistonning madaniy va tarixiy merosini asrab-avaylashda ulkan ahamiyatga ega, deb hisoblayman. O‘zbekiston – buyuk o‘tmishga ega mamlakat va uning bugungi kuni ham hayratlanarli. Bunday ajoyib mamlakatda ishlash men uchun katta sharaf va uning kelajagi yanada porloq bo‘lishiga ishonchim komil.
Til nihoyatda muhim, chunki u xalqlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘taydi. Alisher Navoiy kabi buyuk mutafakkirlar yashab, boy o‘zbek tilida ijod qilgan diyorda bo‘lishning o‘zi bir baxt. Yuqorida aytganimdek, til hamkorligimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
O‘zbek tilini qo‘llab-quvvatlashga oz bo‘lsa-da, o‘z hissamni qo‘sha olganimdan juda xursandman. 2022-yilda, O‘zbekiston mustaqilligi kuni arafasida, 4083 metr balandlikdagi Hazrati Sulton cho‘qqisiga ko‘tarilganimni katta mamnuniyat bilan eslayman. U yerda o‘zbek xalqini milliy bayram bilan tabriklab, o‘zbek tilida videomurojaat yo‘llagan edim. Bu videoni internetdan topish mumkin.
O‘zbek tili juda go‘zal va boy turkiy til bo‘lib, uning ahamiyati kundan kunga ortib bormoqda. Bu O‘zbekistonning xalqaro nufuzi sezilarli darajada mustahkamlanib borayotgani bilan ham bog‘liqdir.
Tilni asrash va rivojlantirish – o‘z madaniyati hamda madaniy merosini asrab-avaylash va rivojlantirish demakdir.
Shu bois mazkur bayram katta ahamiyatga ega. O‘zbekistonda ishlash va o‘zbek tilida hech bo‘lmaganda bir necha so‘z aytish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan mamnunman. Umid qilamanki, yaqin oylarda o‘zbek tili bo‘yicha bilimimni yanada mukammallashtira olaman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi