O‘zbek tili bayrami arafasida Tashqi ishlar vazirligi xodimlari umummilliy diktant savodxonlik tadbirida ishtirok etdi

Oktabr 17, 2026. 12:45 • 2 daq

• 125
O‘zbek tili bayrami arafasida Tashqi ishlar vazirligi xodimlari umummilliy diktant savodxonlik tadbirida ishtirok etdi
O‘zbek tili bayrami arafasida Tashqi ishlar vazirligi xodimlari umummilliy diktant savodxonlik tadbirida ishtirok etdi

TOSHKYENT, 17-oktabr. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 15-oktabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida xodimlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish hamda yoshlarning savodxonlik ko‘nikmalarini yanada rivojlantirishga qaratilgan keng qamrovli diktant mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur tashabbus O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti muvofiqlashtiruvi ostida butun respublikamizda o‘tkazilayotgan umummilliy diktant tadbiri doirasida tashkil etildi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad vazirlik va idoralarda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosini tizimli ta’minlash, xususan lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek adabiy tili qoidalariga qat’iy rioya qilinishiga erishishga qaratilgan.

Shu bois, ko‘tarinki ruxda o‘tkazilgan tadbirda TIV turli tarkibiy tuzilmalari xodimlarining nafaqat imlo qoidalarini to‘g‘ri qo‘llash mahorati, balki davlat tilida hujjatlarni bexato va professional darajada rasmiylashtirish ko‘nikmalari ham atroflicha baholanadi.

Ona tilimizga bo‘lgan yuksak e’tibor, bu borada diplomatlar jamoasida izchil tashkil etilayotgan chora-tadbirlar so‘nggi yillarda yurtimizda o‘zbek tilining nufuzini yanada yuksaltirish borasida olib borilayotgan umumdavlat islohotlarining uzviy bir qismidir.

Ayniqsa, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan olib boriladigan oliy darajadagi uchrashuvlar, muzokaralar hamda imzolanadigan ikki va ko‘p tomonlama bitimlarda o‘zbek tilining faol qo‘llanilishi milliy o‘zlikni anglashning bosh mezonlaridan biriga aylandi.

Diplomatik doiralarda tilga bo‘lgan yuksak e’tibor va sof o‘zbek tilida muloqot qilish madaniyati xalqaro maydonda Vatanimizning nufuzi va obro‘-e’tiborini yana-da oshirishga xizmat qiladi.

Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan doim ta’kidlab kelinayotganidek, vazirlik tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning professional, intellektual va lingvistik mahoratini doimiy ravishda rivojlantirib borish, ona tilimizni asrab-avaylash, uning boy imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanish, davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini so‘zsiz bajarish ustuvor vazifalardan bo‘lib qoladi.

Shu maqsadda xodimlarning yozma nutq madaniyatini oshirishga qaratilgan bu kabi ma’rifiy va amaliy tadbirlar izchil va tizimli ravishda davom ettiriladi.

Ushbu tadbir ishtirokchilarning ishlari o‘rnatilgan tartibda baholanib, g‘oliblar 21-oktabr–O‘zbek tili bayrami kuni arafasida tegishli sovrinlar bilan taqdirlanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish