O‘zbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasi Pnompen shahrida bo‘lib o‘tgan II parlament spikerlarining parlamentlararo konferensiyasida ishtirok etdi
Avgust 31, 2026. 11:11 • 2 daq
• 6
TOSHKENT, 31-avgust. /“Dunyo” AA/. Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulxakim Eshmuratov boshchiligidagi O‘zbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasi “Tinchlik va umumiy farovonlik yo‘lidagi hamjihatlik: xalqaro huquqni mustahkamlash va mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish” mavzusida joriy yilning 26–28-avgust kunlari Kambodja poytaxtida bo‘lib o‘tgan II parlament spikerlarining parlamentlararo konferensiyasida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Parlament yuqori palatasi maʼlumotiga ko‘ra, ushbu nufuzli xalqaro tadbirda Kambodja, Pokiston, Rossiya, Belarus, Meksika, Gana, Bruney, Myanma hamda boshqa bir qator davlatlar parlamentlari aʼzolari dunyoda tinchlikni mustahkamlash, parlament diplomatiyasi va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Senator o‘z maʼruzasida parlament diplomatiyasida O‘zbekiston o‘ziga xos milliy tajribaga ega ekanligini, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va amaliy hamkorlik muhiti sezilarli darajada mustahkamlanganini, murakkab masalalarni muzokaralar orqali hal etish amaliyotiga alohida urg‘u berilayotganini taʼkidladi.
Tadbir doirasida Kambodja qiroli Norodom Siamoni O‘zbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasi bilan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasi Rossiya, Belarus, Vyetnam parlamentlari vakillari bilan parlamentlararo hamkorlikni kuchaytirish masalasi yuzasidan uchrashuvlar o‘tkazdi.
O‘zbekiston parlamenti aʼzolari Kambodja milliy brendi ostida ishlab chiqariladigan mahsulotlar ko‘rgazmasida ham ishtirok etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi