O‘zbekiston va SHHT: tashkilotning tuzilganidan hamkorlikning yangi ufqlari sari
Avgust 31, 2026. 09:10 • 6 daq
• 98
TOSHKENT, 31-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2026-yil 31-avgust – 1-sentyabr kunlari Bishkek shahrida bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston uchun SHHT tadbirlarida ishtirok etish mamlakatimizning Tashkilot faoliyatidagi faol o‘rni va uning asoschi-davlatlaridan biri maqomini hisobga olgan holda alohida ahamiyatga ega.
Shanxay hamkorlik tashkiloti salmoqli rivojlanish yo‘lini bosib o‘tdi hamda bugungi kunda Yevroosiyoda siyosiy muloqot va ko‘p tomonlama hamkorlik uchun eng yirik xalqaro maydonlardan biriga aylandi. Tashkilot tarkibining kengayishi, uning mexanizmlari rivojlanishi va hamkorlikning yangi yo‘nalishlari paydo bo‘lishi SHHTning mintaqaviy va xalqaro taraqqiyotning dolzarb masalalarini hal etishdagi o‘rni ortib borayotganidan dalolat beradi.
SHHT 2001-yil 15-iyun kuni Shanxay shahrida tashkil etilgan. Tashkilotni tuzish to‘g‘risidagi Deklaratsiyani O‘zbekiston, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston rahbarlari imzolagan. Keyinchalik SHHT tarkibi sezilarli darajada kengaydi. Hindiston va Pokiston Tashkilotga 2017-yilda, Eron 2023-yilda, Belarus esa 2024-yilda a’zo bo‘lib qo‘shildi.
SHHTning asosiy maqsadlari a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni saqlash, shuningdek, siyosiy va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashishdan iborat. Terrorizm, separatizm, ekstremizm, giyohvandlik vositalari va qurol-yarog‘ning noqonuniy aylanishi hamda transmilliy jinoyatchilikning boshqa shakllariga birgalikda qarshi kurashishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
SHHTning muhim xususiyati uning faoliyatiga asos qilib olingan o‘zaro hurmat, kelishilgan qarorlarni izlash va konsensus tamoyillaridir. Tashkilot boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmagan, faoliyati xalqaro huquq va o‘zaro tushunish asosida qurilgan. SHHTning shartnomaviy-huquqiy bazasini xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik, uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish masalalarini qamrab oluvchi 1600 dan ortiq hujjat tashkil etadi.
Tashkilotning doimiy faoliyatini Pekindagi SHHT Kotibiyati ta’minlaydi, Toshkentda joylashgan Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) esa a’zo davlatlar vakolatli organlarining terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashdagi hamkorligini muvofiqlashtiradi. 2025-yilda MATTni Xavfsizlik tahdidlari va xavf-xatarlariga qarshi kurashish bo‘yicha Universal markazga aylantirish hamda Dushanbeda SHHTning Narkotikka qarshi kurashish markazini tashkil etish to‘g‘risida bitimlar imzolandi.
SHHT rivojlanishining zamonaviy bosqichidagi muhim tamoyillardan biri-bu tashkilotga a’zo bo‘lmagan davlatlar, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar bilan hamkorlikni kengaytirishdir. Bu ko‘p tomonlama muloqotning kengroq tizimini shakllantirish va SHHTning xalqaro aloqalarini mustahkamlash imkonini beradi.
Parallel ravishda SHHTning xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligi izchil rivojlanmoqda. Tashkilot Kotibiyati tomonidan BMT, ASEAN, MDH, KHSHT, IHT, OSHICHK, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi, YEOIH, YUNESKO va boshqa qator xalqaro tuzilmalar bilan o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolangan. Bunday hamkorlik tajriba almashish va keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
O‘zbekiston SHHT faoliyatida faol ishtirok etib kelmoqda. Mamlakatimiz 2003-2004, 2009-2010, 2015-2016 va 2021-2022-yillarda unga raislik qildi.
Tashkilot tarixida 2016 yilgi Toshkent sammiti alohida o‘rin tutadi. Unda erishilgan kelishuvlar 2017-yilda Hindiston va Pokistonga SHHTga a’zo davlat maqomini berish uchun sharoit yaratdi.
2017-yildan boshlab O‘zbekiston SHHT doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuskorlik yo‘liga o‘tdi. 2017-2025-yillar mobaynida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, innovatsion va boshqa sohalarda 118 ta tashabbus ilgari surildi.
Shanxay hamkorlik tashkiloti rivojida 2022-yil 15-16-sentyabr kunlari Samarqand shahrida O‘zbekiston raisligida bo‘lib o‘tgan sammit alohida ahamiyat kasb etdi. Tadbirda davlat rahbarlari, ishtirokchi mamlakatlar, kuzatuvchilar va mehmonlar vakillari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Samarqand sammiti yakunlari bo‘yicha rekord darajadagi 44 ta hujjat qabul qilindi. Ular SHHT doirasidagi hamkorlikka yangi amaliy mazmun bag‘ishlash va ko‘p tomonlama sheriklikni yanada rivojlantirishga qaratildi.
Eronning majburiyatlari to‘g‘risidagi Memorandumning imzolanishi muhim natija bo‘lib, bu mamlakatning tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘lishiga yo‘l ochdi. Bir vaqtning o‘zida Misr, Qatar va Saudiya Arabistonining SHHTning muloqot bo‘yicha sheriklari sifatidagi maqomi huquqiy jihatdan rasmiylashtirildi. Shuningdek, Belarusni tashkilotning to‘laqonli a’zosi sifatida qabul qilish protsedurasini boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi va qator davlatlarning muloqot bo‘yicha sherik maqomini olish haqidagi arizalari qo‘llab-quvvatlandi.
Sammit SHHTning xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligini kengaytirishga ham xizmat qildi. Muloqotlar doirasida Arab davlatlari ligasi, YUNESKO va BMT ESKATOsi bilan o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi.
O‘zbekiston tashabbuskorlik faoliyatining muhim yo‘nalishi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishdir. 2024-yil 16-oktyabr kuni Islomobodda SHHTga a’zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashi majlisida O‘zbekiston tashabbusi bilan Tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida yangi iqtisodiy muloqotni rivojlantirish bo‘yicha Hamkorlik konsepsiyasi qabul qilindi.
Bugungi kunda O‘zbekistonning SHHTdagi o‘rni ko‘p tomonlama muloqotda ishtirok etish doirasidan chetga chiqadi. Respublika hamkorlikning yangi yo‘nalishlarining faol tashabbuskorlaridan biri sifatida ularning amaliy bajarilishi va yanada rivojlanishini ta’minlashga intilmoqda.
Zamonaviy kun tartibida iqtisodiy hamkorlik, transport bog‘liqligi va samarali transport koridorlarini rivojlantirish masalalari alohida o‘rin tutadi. 2022-yilda O‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish va samarali transport koridorlarini yaratish bo‘yicha Konsepsiya qabul qilindi, bu tashkilot davlatlari o‘rtasidagi logistika hamkorligining ortib borayotgan ahamiyatini aks ettiradi.
Keyingi muhim bosqich SHHT Davlat rahbarlari kengashining yubiley sammiti bo‘lib, u 2026-yil 31-avgust - 1-sentyabr kunlari Bishkekda “SHHTning 25 yilligi: birgalikda barqaror tinchlik, taraqqiyot va farovonlik sari” shiori ostida bo‘lib o‘tadi. Sammitning yubiley formati Tashkilot faoliyatining kelgusi ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilish, ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va qo‘shma sa’y-harakatlarning yangi yo‘nalishlarini belgilashda alohida ahamiyat kasb etadi.
25 yil davomida Shanxay hamkorlik tashkiloti oltita davlat birlashmasidan tortib, ishtirokchilari tarkibi kengaygan va tarmoqlangan hamkorlik tizimiga ega yirik xalqaro tashkilotgacha bo‘lgan salmoqli rivojlanish yo‘lini bosib o‘tdi. Bugungi kunda SHHT katta demografik va iqtisodiy salohiyatga ega davlatlarni birlashtiradi va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlarga ega.
Hozirgi bosqichda O‘zbekiston amaliy va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga e’tibor qaratishni davom ettirmoqda. Iqtisodiy muloqot, transport bog‘liqligi, innovatsion hamkorlikni ilgari surish va xavfsizlik mexanizmlarini mustahkamlash SHHTni yanada rivojlantirish vazifalariga hamda respublikaning milliy manfaatlariga to‘liq mos keladi.
Bishkekda bo‘lib o‘tadigan SHHTning yubiley sammiti tashkilot faoliyatining kelgusi ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va qo‘shma ishlarning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish uchun muhim maydonga aylanadi. O‘zbekiston uchun sammitda ishtirok etish konstruktiv kun tartibini ilgari surish, o‘zaro ishonchni mustahkamlash hamda mintaqaviy va mintaqalararo hamkorlik salohiyatini ochishga xizmat qiluvchi tashabbuslarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi