O‘zbekiston Prezidenti SHHTning Bishkek sammiti tadbirlarida ishtirok etadi
Avgust 30, 2026. 18:35 • 2 daq
• 45
TOSHKENT, 30-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan 31-avgust – 1-sentyabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi hamda “SHHT plyus” formatidagi uchrashuvda ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Bishkek shahrida bo‘ladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, sammit kun tartibidan SHHT doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va tashkilot faoliyatini takomillashtirishga oid dolzarb mavzular o‘rin olgan. Xalqaro va mintaqaviy hamkorlik masalalari ham muhokama qilinadi.
Yig‘ilish yakunida SHHTning 25-yilligiga bag‘ishlangan Bishkek deklaratsiyasi hamda xavfsizlik, iqtisodiyot, transport, ekologiya, sun’iy intellekt, madaniy-gumanitar almashinuv va hamkorlikning boshqa ko‘plab yo‘nalishlarida sheriklikni kengaytirishga qaratilgan hujjatlar to‘plamini qabul qilish rejalashtirilgan.
Sammit doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.
Tashrif dasturiga muvofiq, O‘zbekiston yetakchisi VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining ochilish marosimida ham ishtirok etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi