O‘zbekiston delegatsiyasi Voronejda vatandoshlar bilan uchrashdi

Sentabr 02, 2026. 11:33 • 2 daq

4
O‘zbekiston delegatsiyasi Voronejda vatandoshlar bilan uchrashdi
O‘zbekiston delegatsiyasi Voronejda vatandoshlar bilan uchrashdi

VORONEJ, 2-sentyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hamda mamlakatimizning Rossiyadagi elchixonasi delegatsiyasi Voronej shahriga tashrif buyurib, mintaqadagi ish beruvchilar va vatandoshlar bilan uchrashdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu xizmat safari hamyurtlarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida tashkil etildi.

Mintaqadagi “Vatan” o‘zbek diasporasi rahbari Usmonali Karimberdiyev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda fuqarolarni konsullik-huquqiy jihatdan himoya qilish, ularning murojaatlariga tezkorlik bilan eʼtibor qaratish va vatandoshlar bilan o‘zaro hamkorlikni yana-da mustahkamlash masalalari muhokama etildi.

Delegatsiya vakillari O‘zbekiston fuqarolari mehnat qilayotgan “Razvitiye” qurilish kompaniyasi va “Prospekt” MCHJda bo‘lib, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Uchrashuvlar O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida bo‘lib o‘tgani bois, yurtdoshlarga mamlakatimizning qutlug‘ shodiyonasi munosabati bilan samimiy tabrik va eng ezgu tilaklar izhor etildi.

Muloqotlar davomida fuqarolarning murojaatlari tinglanib, zarur amaliy yordam ko‘rsatildi. Ayrim masalalar nazoratga olindi.

Bundan tashqari, hamyurtlarimizning mehnat va yashash sharoitlari o‘rganilib, Rossiya qonunchiligi, mamlakatda bo‘lish qoidalari va jamoat tartibiga rioya qilish yuzasidan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Uchuvchisiz uchish apparatlari hujumi xavfi yuzaga kelganda qanday harakatlanish tartibi alohida tushuntirildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish