Saudiya Arabistonida mehnat qilayotgan hamyurtlarga yaratilgan sharoitlar o‘rganildi
Avgust 24, 2026. 21:00 • 2 daq
• 130
JIDDA, 24-avgust. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi vakillari Rabig‘ mintaqasidagi “Alkon Constraction Company” tomonidan sanoat zonalarini barpo etishga jalb qilingan O‘zbekiston fuqarolari yashaydigan hududga tashrif buyurdi., deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Podshohlikdagi yetakchi infratuzilma va qurilish kompaniyalaridan biri hisoblangan “Alkon Constraction Company” mamlakatning “Vision 2030” dasturi doirasida sanoat zonalarini barpo qilish bo‘yicha yirik loyihalarda ishtirok etib kelmoqda.
Vatandoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ularga yaratilgan mehnat va yashash sharoitlari o‘rganildi. Aniqlanishicha, hamyurtlarimizga beriladigan eng kam oylik ish haqi 1200 AQSH dollari atrofida. Shartnomada belgilangan ish vaqtidan ortiqcha ishlarga jalb qilingan taqdirda, har bir soat uchun qo‘shimcha haq to‘lanadi.
Yurtdoshlarimizning ma’lum qilishicha, kompaniya tomonidan Bangladesh, Pokiston, Nepal va Afrika mamlakatlaridan minglab migrantlar jalb qilingan. Ish beruvchilar tomonidan ko‘pmillatli ishchilar jamoasida O‘zbekiston fuqarolariga alohida e’tibor qaratilmoqda, ya’ni oylik maoshlar nisbatan baland, oziq-ovqatlar sifatli, yashash sharoitlari juda qulay. Haftaning har juma kuni dam olish kuni sifatida belgilangan va shu kuni Makka va Madina shaharlariga ziyoratlarni amalga oshirishlari uchun avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan.
Hamyurtlarimiz bilan suhbat davomida ularga vaqtincha konsullik ro‘yxatidan o‘tishi lozimligi tushuntirildi. Buning uchun ularga konsullik raqami taqdim qilindi. Vatandoshlar ular bilan o‘tkazilgan sayyor uchrashuvdan xursand bo‘lganini ta’kidlab, diplomatlarga alohida minnatdorlik bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi