Rossiyaning Kurgan viloyatida vatandoshlarning mehnat huquqlari va xavfsizligi muhokama qilindi

Avgust 24, 2026. 09:30 • 2 daq

150
Rossiyaning Kurgan viloyatida vatandoshlarning mehnat huquqlari va xavfsizligi muhokama qilindi

YEKATERINBURG, 24-avgust. /“Dunyo” AA/. Yurtimizning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxona hamda Mehnat migratsiyasi agentligi vakillarining Rossiyaning Kurgan viloyatiga xizmat safari amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Safar davomida diplomatlar “Kurganstalmost” korxonasi rahbari Oleg Chernyak bilan uchrashib, hamyurtlarimizni ishga joylashtirish, ular uchun munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish, mehnat huquqlarini taʼminlash masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Shundan so‘ng, korxonada mehnat faoliyatini olib borayotgan hamyurtlarimiz bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda fuqarolarimizning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni qiynab kelayotgan masalalarni o‘rganish hamda zarur hollarda amaliy ko‘mak ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

Rossiya hududida qonun-qoidalarga qatʼiy rioya qilish, jamoat tartibini saqlash va munosib xulq-atvor bilan o‘zbek xalqining xorijdagi ijobiy imijini yanada mustahkamlash har bir fuqaroning muhim vazifasi ekani taʼkidlandi.

Uchrashuvda diniy ekstremizm, terrorizm, narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasi va boshqa jinoiy xatti-harakatlarga jalb etish holatlari, xususan, bunday holatlarning ijtimoiy tarmoqlar orqali sodir etilayotgani haqida tushuntirishlar berildi.

Fuqarolarga internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda ehtiyotkor bo‘lish, shubhali taklif va chaqiriqlarga aldanmaslik, qonunga xilof harakatlarga aralashib qolmaslik zarurligi uqtirildi. Bu borada jinoyat sodir etgan va ayni paytda jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan ayrim hamyurtlarimiz bilan bog‘liq holatlar misol tariqasida keltirildi.

Vatandoshlarimizning turli noqonuniy xatti-harakatlar qurboniga aylanib qolish holatlari ortib borayotganini inobatga olgan holda, ularni firibgarlik va boshqa jinoiy sxemalarga jalb etishdan himoya qilish, har qanday shubhali takliflarga tanqidiy yondashish bo‘yicha profilaktik suhbat o‘tkazildi.

Kurgan viloyatida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan va yurtdoshlarimizni ishga joylashtirishga ko‘maklashayotgan hamyurtlarimiz bilan suhbatlashildi. Uchrashuvda vatandoshlar faoliyati, mavjud muammolar va hamyurtlarimizni ish bilan taʼminlash masalalari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, Rossiyaning ayrim hududlarida kuzatilayotgan dron hujumlari bilan bog‘liq vaziyatdan kelib chiqib, fuqarolarimizni xavfsizlik qoidalariga rioya qilishga, zarur ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirildi.

Tadbirkor vatandoshlarga o‘z qo‘l ostida ishlayotgan hamyurtlarimiz o‘rtasida xavfsizlik choralariga amal qilish, turli noqonuniy xatti-harakatlarga aralashib qolishning oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlarini kuchaytirish tavsiya etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish