Misr kompaniyasi O‘zbekiston kasb-hunar taʼlimi muassasalariga 35 dona zamonaviy noutbuk topshirdi

Sentabr 02, 2026. 09:54 • 3 daq

36
Misr kompaniyasi O‘zbekiston kasb-hunar taʼlimi muassasalariga 35 dona zamonaviy noutbuk topshirdi

QOHIRA, 2-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Misrning “In2Metals” kompaniyasi O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yurtimizning qator hududlaridagi kasb-hunar taʼlimi muassasalariga 35 dona zamonaviy noutbuk taqdim etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu beg‘araz ko‘mak mamlakatimizning Misrdagi elchixonasi tashabbusi bilan amalga oshirildi. Texnika jihozlari “In2Metals” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi – “Copper Mining” MCHJ tomonidan taqdim etildi.

Noutbuklar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Namangan, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona, Navoiy viloyatlari hamda Toshkent shahridagi kasb-hunar taʼlimi muassasalari ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan.

Elchixona muvofiqlashuvida O‘zbekistonga yetkazilgan ushbu texnik uskunalarni topshirish marosimi O‘zbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasb-hunar taʼlimi agentligi vakillari ishtirokida tantanali ravishda o‘tkazildi.

Mazkur xayriya tashabbusi “In2Metals” kompaniyasining O‘zbekistonda amalga oshirayotgan ijtimoiy loyihalarining navbatdagi davomi bo‘ldi. Ayni paytda kompaniya Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida “Shimoliy Bo‘kantov” mis konini o‘zlashtirish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirmoqda.

So‘nggi yillarda xorijiy investor sarmoyaviy faoliyatni yuritish bilan bir qatorda mahalliy aholini qo‘llab-quvvatlash, taʼlim infratuzilmasini rivojlantirish va hududda qulay ijtimoiy sharoitlar yaratishga qaratilgan bir qator tashabbuslarni ham amalga oshirmoqda.

Xususan, Toshkent shahridagi Geologiya fanlari universiteti bilan hamkorlik doirasida “Shimoliy Bo‘kantov” hududida elektromagnit geofizik tadqiqotlar o‘tkazishga universitetning 20 nafar talabasi jalb etilib, ular uchun ikki oylik ishlab chiqarish amaliyoti tashkil qilindi. Amaliyot bilan bog‘liq barcha xarajatlar, jumladan, transport va tashkiliy sarflar kompaniya tomonidan to‘liq qoplandi.

Uchquduq tumanidagi “Qulquduq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 1-sonli umumtaʼlim maktabining stadioni taʼmirlanib, belgilangan tartibda foydalanish uchun topshirildi. Taʼlim jarayonini qo‘llab-quvvatlash maqsadida muassasaga yirik formatli elektron ekranlar va ingliz tilidagi kitoblar ham taqdim etildi.

“Qulquduq” mahallasida aholiga yana-da qulay sharoitlar yaratish maqsadida kuchli yoritish tizimlari o‘rnatildi, hammom qurildi hamda aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash uchun zamonaviy quduq burg‘ilandi. Ayni paytda mahalla hududida qiymati 200 million so‘mlik bolalar o‘yin maydonchasi va 100 million so‘mlik suv ombori qurilishi davom etmoqda.

Umuman olganda, bugungi kunga qadar kompaniya tomonidan O‘zbekistondagi ijtimoiy tashabbuslarni amalga oshirishga 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.

Bundan tashqari, 2024-yilda “In2Metals” kompaniyasi III Toshkent xalqaro investitsiya forumini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 100 ming AQSh dollari miqdorida homiylik yordami ajratdi.

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida kasb-hunar taʼlimi muassasalariga 35 dona zamonaviy noutbukning topshirilishi xorijiy kompaniyalarning investitsiyaviy faoliyatini taʼlim, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va mamlakat hududlarini ijtimoiy rivojlantirish borasidagi tashabbuslar bilan uyg‘unlashtirishning navbatdagi amaliy namunasi bo‘ldi.

Mazkur tashabbus O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik izchil kengayib borayotganidan dalolat beradi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish