O‘zbekiston vakillari “Buyuk Xun – Turk Qurultoyi” xalqaro etnografik festivalida qatnashdi

Avgust 18, 2026. 09:00 • 2 daq

138

BUGAS, 18-avgust. /“Dunyo” AA/. Vengriyaning Bugas shahrida “Buyuk Xun – Turk Qurultoyi–2026” xalqaro etnografik festivali bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Magyar-Turan” fondi tomonidan tashkil etilgan tadbirda turkiy xalqlar hamda Yevroosiyo dashtlarining tarixiy va madaniy merosini asrab-avaylash hamda ommalashtirishdan manfaatdor bo‘lgan turli mamlakatlar vakillari qatnashmoqda.

Mamlakatimizdan qoraqalpog‘istonlik madaniyat va san’at namoyandalari, xonandalar hamda milliy hunarmandlardan iborat delegatsiya ham ishtirok etmoqda.

Qurultoy dasturida milliy hunarmandchilik va an’anaviy madaniyat namunalariga alohida o‘rin ajratilgan. Festivalning “Sharq bozori” hududida o‘zbek, turkman, ozarbayjon va uyg‘ur ustalarining ko‘rgazma va savdo maydonchalari ochildi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Mo‘g‘ulistonning etnografik o‘tovlari ham faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekiston “Sharq bozori”da alohida maydonga ega bo‘lib, tashrif buyuruvchilar milliy amaliy san’at mahsulotlari bilan yaqindan tanishmoqda. “Buxoro Sharq bozori” paviloni doirasida Buxoro va Toshkent hunarmandlari vengeriyalik hamkasblari bilan birgalikda o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda. O‘zbek va venger ustalarining muloqoti yangi kasbiy hamda madaniy aloqalarni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Anjumanning asosiy voqeasi Qurultoyning rasmiy ochilish marosimi hamda chavandozlar ishtirokidagi bayroqlar paradi bo‘ldi. Marosimda Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, Bugas shahri meri Laslo Sabo, Turkiyaning TDT bilan hamkorlik bo‘yicha vakili Kurshad Zorlu, TİKA prezidenti Abdulla Eren hamda Vengriya Turon federatsiyasi prezidenti, Qurultoy bosh tashkilotchisi Andrash Jolt Biro so‘zga chiqdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi Murat Atamuratov so‘zga chiqib, turkiy xalqlar o‘rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalar va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi. Anjumanda Qoraqalpog‘iston madaniyat vaziri Begisbay Temirbayev ham ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston ijodiy jamoasi tomonidan o‘zbek va qoraqalpoq xalq qo‘shiqlaridan iborat milliy musiqiy dastur taqdim etildi. Ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar anjuman qatnashchilari va mehmonlarida katta taassurot qoldirdi.

Tashkilotchilar bilan o‘tkazilgan muloqot chog‘ida Vengriyaning “Magyar-Turan” fondi kelgusi tadbirlarda O‘zbekiston vakillari ishtirokini yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

O‘zbekiston delegatsiyasining “Buyuk Xun-Turk Qurultoyi – 2026” festivalida ishtirok etishi milliy madaniy merosni targ‘ib qilish, madaniyat va san’at arboblari, hunarmandlar hamda jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish