“The Diplomatic Insight": Ichki islohotlar O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchni oshirdi

Avgust 18, 2026. 09:30 • 3 daq

21
“The Diplomatic Insight": Ichki islohotlar O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchni oshirdi

ISLOMOBOD, 18-avgust. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The Diplomatic insight” portalida Tinchlik va diplomatik tadqiqotlar instituti ijrochi direktori Muhammad Asif Nurning “O‘zbekistonning yangi ufqi” (Uzbekistan‘s New Horizon) sarlavhali maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muallif mazkur maqolasida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi bayrami arafasida mamlakatimiz erishgan yuksak natijalar va Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan xalqchil siyosat haqida so‘z yuritgan.  

Uning yozishicha, bugungi O‘zbekiston hududi qadimdan g‘oyalar, ilm-fan, savdo va davlat boshqaruvida dunyoga namuna bo‘lib kelgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev davrida ushbu tarixiy timsol zamonaviy siyosiy maʼno kasb etmoqda. O‘zbekiston yana bir bor o‘z chegaralaridan tashqariga taʼsir o‘tkazmoqda, bu safar milliy islohotlar, mintaqaviy ishonch va aloqalarning yangi geografiyasi orqali.

“O‘zbekiston yetakchisining davlatchilik siyosati bir-biri bilan chambarchas bog‘liq uchta o‘zgarish orqali namoyon bo‘lmoqda: davlatni o‘z fuqarolari uchun ochish, Markaziy Osiyo mamlakatlarini o‘zaro yaqinlashtirish va mintaqani keng dunyo bilan qayta bog‘lash. Ichki islohotlar O‘zbekistonga iqtisodiy ishonchni oshirdi. Qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarning yaxshilanishi mintaqaviy barqarorlikni taʼminladi. Transport va savdo aloqalarining kengayishi esa barqarorlikni umumiy imkoniyatga aylantirmoqda”, – degan Asif Nur.

Shavkat Mirziyoyev 2016-yilda Prezident etib saylangan paytda O‘zbekiston kuchli institutlarga, yosh aholiga va ulkan salohiyatga ega edi. Biroq iqtisodiyot hanuz yuqori darajada maʼmuriy boshqaruvga asoslangan, chegaralararo savdo esa cheklangan edi. “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi davlat boshqaruvining yo‘nalishini o‘zgartirib, fuqarolar ehtiyojlariga javob beradigan boshqaruv, tadbirkorlik, investitsiyalar va ijtimoiy himoyani milliy siyosat markaziga olib chiqdi.

“Natijalar salmoqli. O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti 2025-yilda 145 milliard dollardan oshdi, eksport hajmi 33,4 milliard dollarga yetdi, xorijiy investitsiyalar esa 43 milliard dollardan oshdi. Yil davomida iqtisodiyot 7,7 foizga o‘sdi, 2026-yil birinchi choragida esa yillik hisobda 8,7 foizlik o‘sish qayd etildi. 2025 yil davomida kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushdi va qariyb 1,5 million kishi kambag‘allikdan chiqarildi”, – deyilgan maqolada.

Muallif taʼkidlaganidek, islohotlar jarayoni hali yakunlangani yo‘q. O‘zbekiston ish o‘rinlarini yaratish, energiya va suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, raqobatni kuchaytirish hamda investitsiyalar texnologiya transferini taʼminlashda davom etishi kerak. Ammo yo‘nalish aniq. Mamlakat taqchillikni boshqarishdan salohiyatni shakllantirishga o‘tmoqda va iqtisodiyotini xalqaro raqobatga tayyorlamoqda.

Shuningdek, sharhda Davlatimiz Rahbarining tashqi siyosatdagi eng muhim yutuqlari, Pokiston bilan munosabatlar, xususan shu yil fevral oyida mazkur mamlakatga amalga oshirilgan davlat tashrifi natijalari batafsil tahlil qilingan.

Asif Nur o‘z maqolasini “Yangi O‘zbekiston o‘z o‘tmishini qayta tiklashga urinmayapti, aksincha, balki o‘tmishning eng muhim tajribalarini milliy taraqqiyot va mintaqaviy farovonlikning zamonaviy qarashlarga uyg‘unlashtirmoqda”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish