Tokioda O‘zbekiston tarixiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma namoyish qilinmoqda
Avgust 18, 2026. 10:02 • 2 daq
• 110TOKIO, 18-avgust. /“Dunyo” AA/. Tokiodagi Xanzomon muzeyida O‘zbekistonning boy tarixi, madaniy merosi va bugungi hayotiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma namoyish etilmoqda, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Yaponiya fotograflar jamiyati hamkorligida tashkil etilgan ekspozitsiya 12-avgustdan 27-sentabrga qadar davom etadi. Ko‘rgazma mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan.
Ekspozitsiyadan O‘zbekistonning qadimiy tarixi, meʼmoriy obidalari, shaharlari, tabiati, madaniy merosi va aholining kundalik hayotini aks ettiruvchi fotosuratlar o‘rin olgan.
Ko‘rgazmaning muhim qismlaridan biri “O‘zbek fotografiyasiga 125 yil: 1879–1990” maxsus ekspozitsiyasidir. Unda noyob arxiv fotosuratlari orqali mamlakatimizning turli davrlardagi ijtimoiy hayoti, shahar qiyofasi, meʼmoriy yodgorliklari va aholi turmush tarzi namoyon etilgan.
Mazkur ekspozitsiyaning Xanzomon muzeyida tashkil etilgani ham alohida ahamiyatga ega. Muzeyning Gandxaradan Markaziy Osiyo va Xitoy orqali Yaponiyagacha bo‘lgan hududlarda buddaviy sanʼat taraqqiyotini aks ettiruvchi kolleksiyalari O‘zbekistonning tarixan turli madaniyat va sivilizatsiyalar tutashgan hudud sifatidagi o‘rni bilan uyg‘unlashadi.
Yaponiya fotograflar jamiyatining “Tokyo Photo Month – 2026” loyihasi prodyuseri Kyoko Kamiya taʼkidlaganidek, o‘zbek fotografiyasi tarixi va badiiy merosining namoyish etilishi O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida alohida ramziy ahamiyat kasb etadi.
Ko‘rgazma ikki xalq o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash, O‘zbekistonning tarixiy va madaniy merosini Yaponiyada keng targ‘ib qilish hamda yangi qo‘shma loyihalar uchun zamin yaratishga xizmat qilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



