Derya Soysal: O‘zbek tilini o‘rganish O‘zbekistonni yanada chuqurroq anglash imkonini beradi
Oktabr 20, 2026. 12:30 • 2 daq
• 120
BRYUSSЕL, 20-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbek tili bayrami munosabati bilan Belgiyaning “EU Reflect” nashri muharriri, Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Derya Soysal xalqimizga tabrik yo‘llab, o‘zbek tilining ahamiyati, o‘ziga xos xususiyatlari va nufuzi haqidagi fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Assalomu alaykum! Barcha o‘zbek xalqini 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman.
O‘zbek tili – boy tarix, bebaho madaniy meros va chuqur ma’naviy ildizlarga ega bo‘lgan qadimiy va nufuzli tillardan biridir.
Bu til buyuk Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, jadid ma’rifatparvarlari va Abdulhamid Cho‘lpon kabi ulug‘ siymolarning tilidir.
O‘zbek tilining tarixiy ildizlari juda chuqur. Uning shakllanishida muhim o‘rin tutgan turkiy yozma til an’analari Qoraxoniylar va Temuriylar davrida davlat boshqaruvi, adabiyot va diplomatik munosabatlarda keng qo‘llanilgan.
Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy o‘zining bebaho asarlari orqali turkiy tilning boyligi va beqiyos imkoniyatlarini namoyon etgan. Zahiriddin Muhammad Bobur esa jahon adabiyotining nodir durdonalaridan biri bo‘lgan “Boburnoma” asarini aynan shu tilda yaratgan.
Bugungi kunda o‘zbek tiliga bo‘lgan qiziqish O‘zbekistondan tashqarida ham tobora ortib bormoqda. Jumladan, dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lgan Oksford universitetida ham o‘zbek tili o‘rganiladi va o‘qitiladi.
Belgiyalik mutaxassis sifatida o‘zbek tilini katta qiziqish va ishtiyoq bilan o‘rganmoqdaman. Bu tilni o‘rganish men uchun nafaqat yangi tilni egallash, balki O‘zbekistonning boy tarixi, betakror madaniyati va xalqining qadriyatlarini yanada chuqur anglash imkoniyatidir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi