Von Do Yon: O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi muhim ahamiyatga ega

Sentabr 15, 2026. 08:10 • 9 daq

208
Von Do Yon: O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi muhim ahamiyatga ega

TOSHKENT, 15 sentyabr. /“Dunyo” AA/. Koreya Respublikasi elchisi Von Do Yon O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu mamlakatga davlat tashrifi arafasida “Dunyo” AA muxbiriga eksklyuziv intervyu berdi.

– Janob elchi, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarining bugungi darajasini qanday baholaysiz va Sizningcha, qaysi yo‘nalishlar ularning istiqboldagi rivojini belgilab beradi?

– Avvalambor, ushbu intervyuni berayotganimdan etishdan juda ham mamnunligimni izhor qilaman!

Koreya Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi 2019-yilda alohida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatgan. Bugungi kunda, fikrimcha, ushbu aloqalar misli ko‘rilmagan yuksak rivojlanish darajasiga yetdi. Turli sohalarda hamkorlik faol rivojlanmoqda. Investitsiyalar va savdo hajmi kengaymoqda, shuningdek, O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan koreyalik sayyohlar soni ortib bormoqda. Hozirgi vaqtda 100 mingga yaqin O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilish yoki ta’lim olish maqsadida Janubiy Koreyada bo‘lib turibdi. Umuman olganda, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar tobora mustahkamlanib bormoqda.

Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlariga kelsak, bugungi kunda mamlakatlarimiz qayta ishlash sanoati va transport infratuzilmasi kabi an’anaviy yo‘nalishlarda muvaffaqiyatli hamkorlik qilmoqda. Shu bilan birga, sun’iy intellekt, farmatsevtika, biotexnologiyalar kabi kelajakka yo‘naltirilgan ilg‘or tarmoqlar, shuningdek, iqlim o‘zgarishi sohasidagi aloqalar faollashib bormoqda.

Biroq oddiy insonlar o‘rtasidagi rishtalar hamkorlikning negizini tashkil qiladi. O‘zbekistondagi koreys diasporasi o‘zaro munosabatlarimizning mustahkam zamini bo‘lib xizmat qilmoqda.

– Yaqin kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Seulga davlat tashrifi amalga oshiriladi, shuningdek, «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» shaklidagi birinchi sammit bo‘lib o‘tadi. Janubiy Koreya tomoni ushbu tadbirlarga qanday ahamiyat qaratmoqda va o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish hamda Koreya Respublikasining Markaziy Osiyo davlatlari bilan sherikligini mustahkamlash yo‘lida qanday aniq kelishuvlar va amaliy natijalarga erishish kutilmoqda?

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga davlat tashrifi alohida ahamiyatga ega.

16-sentyabr kuni Seulda bo‘lib o‘tadigan «Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo» shaklidagi sammit tarixda ilk bor oliy darajada tashkil etiladi. 2007-yildan buyon vazirlar darajasida o‘tkazib kelinayotgan uchrashuvlar davlat rahbarlari darajasiga ko‘tarilmoqda.

Janubiy Koreyada ko‘plab xalqaro tadbirlar va uchrashuvlar uyushtiriladi, biroq «Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo» sammiti joriy yildagi yagona ko‘p tomonlama sammitga aylanadi. Aynan shuning uchun ham u alohida ahamiyatga ega.

Unda muhim hujjatlar to‘plami imzolanishi va hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha qator chora-tadbirlar e’lon qilinishi kutilmoqda. Shuni aytish mumkinki, ushbu hujjatlar nafaqat transport infratuzilmasi, qayta ishlash sanoati yoki iqlim o‘zgarishi kabi sohalarni, balki O‘zbekiston uchun manfaatli bo‘lgan sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi yo‘nalishlarni ham qamrab oladi.

Lekin eng muhimi, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Seulga davlat tashrifi ikki yetakchining bir-biriga yanada yaqin bo‘lishi uchun qimmatli imkoniyat bo‘ladi, deb hisoblayman.

Ikki Prezidentda ko‘plab mushtarak jihatlar mavjud. Ular ikki marta muloqot qilgan. O‘tgan yili Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan birinchi telefon muloqoti bo‘lib o‘tgan edi. Keyinroq davlat rahbarlari BMT Bosh Assambleyasi doirasida uchrashdilar. Bo‘lajak sammit esa uchinchi muloqot bo‘ladi.

Ikki yetakchi o‘rtasida allaqachon yaqin munosabatlar qaror topgan, biroq Seulga davlat tashrifi yanada chuqurroq muloqot olib borish va amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirish uchun qulay imkoniyat bo‘lishiga ishonaman.

Yuqorida qayd etganimdek, ikki yetakchida ko‘plab umumiy jihatlar mavjud. Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarni mutanosib rivojlantirish muhimligini ta’kidlab, 2026-yilni “Mahalla va butun jamiyatni rivojlantirish yili” deb e’lon qildi. Prezident Li Chje Myon ham ushbu masalaga katta e’tibor qaratmoqda.

– 2026-yil boshidan buyon O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 12 foizga ko‘paydi, yurtimiz iqtisodiyotiga jalb etilgan Janubiy Koreya investitsiyalarining umumiy hajmi esa 8 milliard dollardan oshdi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro savdoning yanada o‘sish salohiyatini qanday baholaysiz? O‘zbekistonga Koreya investitsiyalarini jalb etish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yana qaysi tarmoq va yo‘nalishlarni istiqbolli deb hisoblaysiz?

– Koreya Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi investitsiyalar va savdo hajmi sezilarli darajada ortmoqda. Mening fikrimcha, hamkorlikni yanada rivojlantirish salohiyati deyarli cheksizdir. Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi sifatida men buni har kuni his qilyapman.

Agar bugungi kunda amalga oshirilayotgan muhim loyihalar haqida gapiradigan bo‘lsak, Jizzaxdagi “KIA” avtomobillarini ishlab chiqarish zavodini esga olish mumkin. Agar ilgari ushbu korxonada “Sonet” modeli tayyorlangan bo‘lsa, endi mahsulotlar qatoriga “K3” rusumidagi zamonaviy mashinalar ham qo‘shildi.

Janubiy Koreyadan olib kelingan “Jaloliddin Manguberdi” yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdi yaqinda Toshkent - Xiva – Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlana boshladi.

Ikki tomonlama munosabatlar qanchalik mustahkamlanib borayotgani, Janubiy Koreya kompaniyalari O‘zbekiston bozoriga nechog‘li faol kirib kelayotgani va sarmoya jalb etayotganiga amalda ko‘pchilik guvoh bo‘lib turganiga ishonaman.

Bugungi kunda amalga oshirilayotgan salmoqli investitsiyalar qatorida robotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi «Robotis» kompaniyasini qayd etish mumkin. Mazkur kompaniya O‘zbekistonga taxminan 100 million dollar miqdorida sarmoya kiritmoqda va robotlar uchun bo‘g‘inlar ishlab chiqarish zavodini bunyod etmoqda. Bundan tashqari, «AHA» kompaniyasi Farg‘ona viloyatida elektron doskalar zavodini ishga tushiradi.

Ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga turtki beruvchi kuch - bu ularning bir-birini to‘ldira olish salohiyatidir. Janubiy Koreya yuqori texnologik rivojlanish darajasiga ega, O‘zbekiston esa nafaqat boy tabiiy resurslar va foydali qazilmalarga, balki yuqori malakali kadrlarga ega. «Robotis» kompaniyasining O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qilishida ushbu jihat ham ahamiyat kasb etdi.

Mamlakatlarimiz o‘ta muhim foydali qazilmalarni birgalikda qidirish va o‘zlashtirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish, shuningdek, ularni Janubiy Koreya, YEI davlatlari va boshqa mamlakatlarga eksport qilish masalalarini faol muhokama qilmoqda.

– Mamlakatlarimiz ta’lim sohasidagi hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. O‘zbekistonda Janubiy Koreya universitetlarining filiallari ochilmoqda, qo‘shma ta’lim dasturlari kengaymoqda. Ushbu hamkorlikning yangi O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun malakali mutaxassislar tayyorlashdagi o‘rnini qanday baholaysiz?

– Ko‘pchilik mendan Janubiy Koreya iqtisodiy taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchi nima bo‘lgani haqida qiziqib so‘raydi. Men odatda “bu inson kapitaliga kiritilgan investitsiyalardir”, deb javob beraman. Menimcha, Koreyaning jadal rivojlanishi aynan ta’limga kiritilgan katta miqdordagi sarmoyalar bilan bog‘liq ekaniga hech kim shubha qilmaydi.

Shu ma’noda, nafaqat Koreya Respublikasi universitetlarining O‘zbekistondagi filiallari, balki bizning mamlakatimizdagi oliy bilim yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, hozirgi kunda 15 mingga yaqin o‘zbekistonlik talaba Janubiy Koreyada turli yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim olmoqda.

Ushbu yoshlar ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy mutaxassisliklarni o‘rganib, O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shadi. Bu esa mamlakatingizga kelajak sari sifatli qadam tashlash va rivojlangan mamlakatlar darajasiga yanada yaqinlashish imkonini beruvchi ijobiy muhit yaratadi. Bugungi kunda O‘zbekiston izchil ravishda aynan shu yo‘nalishda harakat qilmoqda.

– O‘zbekiston va Koreya Respublikasi xalqlari o‘rtasida mustahkam gumanitar aloqalar qaror topgan. Madaniy almashinuvlar va o‘zaro turizmni yanada kengaytirish, shuningdek, yangi loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini qanday baholaysiz?

– Avvalambor, Janubiy Koreyada O‘zbekiston madaniyatiga bo‘lgan qiziqish ortib borayotganini ta’kidlamoqchiman.

Seulda Markaziy Osiyo ko‘chasi bor va mening do‘stlarim o‘zbek restoranlariga borib, milliy taomlar, jumladan, palov va kabobni tatib ko‘rishni odat qilgan.

Oddiy insonlar o‘rtasidagi aloqalar va madaniy hamkorlikni rivojlantirish uchun, eng avvalo, ularning bir-biriga bo‘lgan o‘zaro qiziqishini qo‘llab-quvvatlash zarur, deb hisoblayman. Va meni ko‘p quvontiradigan narsa shuki, Koreya Respublikasida O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqish muntazam ortib bormoqda. Men bunga katta ahamiyat beraman va buni juda ijobiy baholayman.

Aynan shuning uchun ham O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan koreyalik sayyohlar soni jadal ko‘paymoqda. O‘tgan yili mamlakatingizga 45 ming nafarga yaqin koreys millatiga mansub fuqarolar tashrif buyurdi va bu ko‘rsatkich bir yil oldingiga nisbatan 15–20 foizga ko‘p bo‘ldi.

O‘z navbatida, O‘zbekistonda Janubiy Koreya madaniyati, taomlari, kosmetikasi va boshqa sohalariga katta qiziqish bildirilayotgani uchun minnatdorlik bildiraman.

Bunday qiziqish qator amaliy hamkorlik loyihalarini hayotga tadbiq qilishga xizmat qilmoqda, deb hisoblayman. Masalan, farmatsevtika klasteri doirasida Koreya Respublikasining Yonse universiteti bilan hamkorlikda farmatsevtika fakulteti tashkil etilmoqda. Kelgusida ushbu loyihani kengaytirish rejalashtirilgan bo‘lib, nafaqat Janubiy Koreyaning biotexnologiya kompaniyalari, balki kosmetika kompaniyalari ham bu yerda o‘z mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Shunday qilib, Janubiy Koreya madaniyatiga bo‘lgan qiziqish va K-beauty fenomeni O‘zbekistonda Koreya mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha aniq loyihalarni amalga oshirishga hissa qo‘shmoqda.

Madaniy hamkorlik bosqichma-bosqich amaliy va iqtisodiy sheriklikka aylanib borayotganini juda ijobiy signal, deb bilaman.

– O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligining keyingi o‘n yilligi haqida gapiradigan bo‘lsak, 2035 yilga borib ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni qanday ko‘rishni istardingiz? Qaysi yo‘nalishlar uning asosiy tayanchlariga aylanishi mumkin?

– Men 2035 yilga borib O‘zbekiston yanada yuqori natijalarni qo‘lga kiritishiga ishonaman.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning yetuk rahbarligini hamda har kuni ish jarayonida hamkorlik qilayotgan o‘zbekistonlik davlat xizmatchilari faoliyatini kuzatar ekanman, O‘zbekiston yuksak marralar sari dadil qadam tashlayotganiga guvoh bo‘lmoqdaman.

So‘nggi 30 yil davomida Janubiy Koreya O‘zbekistonning ishonchli hamkori bo‘lib keldi. Agar kelgusi 10 yil ichida o‘zaro hamkorlik tajribasi ana shunday sur’atlarda boyishda davom etsa, Seulning O‘zbekiston uchun alohida strategik sherik sifatidagi o‘rni va maqomi yanada mustahkamlanadi.

Biz Janubiy Koreya - O‘zbekiston munosabatlarini alohida strategik sheriklik deb ataymiz. Biroq menga eng yoqadigani – bu “qardosh mamlakatlar” iborasidir. 2035-yilga borib mamlakatlarimiz nafaqat qardosh davlatlar, balki eng yaqin va eng ahil birodarlarga aylanadi.

Fursatdan foydalanib, ushbu qardoshlik munosabatlarining negizini tashkil etuvchi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida transport infratuzilmasiga alohida e’tibor qaratmoqchiman. Bugungi kunda O‘zbekiston “dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mamlakat (landlocked country)” maqomidan “quruqlik orqali bog‘langan mamlakat (land-linked country)” maqomiga o‘tish uchun katta sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Bu O‘zbekistonni taraqqiy etgan davlatga aylanishi uchun eng muhim turtkilardan biri bo‘ladi, deb hisoblayman.

Bizning mamlakat ushbu sa’y-harakatlarda allaqachon faol ishtirok etmoqda. Masalan, “Yangi Toshkent” aeroporti qurilishi loyihasida “Incheon International Airport” asosiy hamkor sifatida qatnashmoqda. Biz, shuningdek, temir yo‘l sohasida ham faol hamkorlik qilmoqdamiz. Jumladan, men yuqorida tilga olgan “Jaloliddin Manguberdi” tezyurar poyezdlarini yetkazib berishni kengaytirish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.

Ushbu birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali Janubiy Koreya O‘zbekistonning haqiqiy ma’noda “quruqlik orqali bog‘langan mamlakat”ga aylanishida bundan buyon ham ishonchli hamkorlik rolini o‘ynash niyatida.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi insoniy aloqalarga keladigan bo‘lsak, bu yerda 170 ming kishilik koreys diasporasi alohida rol o‘ynaydi.

Kelgusida Koreya Respublikasida yashovchi O‘zbekiston fuqarolari soni 100 mingdan 200–300 mingga, O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan koreyslar soni esa 50–100 ming nafargacha ko‘payishiga umid qilaman.

Bunday insoniy aloqalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish va Janubiy Koreya bilan O‘zbekistonni chinakamiga qardosh mamlakatlarga aylantirish imkonini beruvchi mustahkam tayanch bo‘lishiga ishonaman.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish