Tim Vudberi: O‘zbekistonda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar mavjud

Oktabr 20, 2026. 12:00 • 2 daq

• 158
Tim Vudberi: O‘zbekistonda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar mavjud

SAMARQAND, 20-oktabr. /“Dunyo” AA/. Amerikaning “Armada” kompaniyasi davlat organlari bilan aloqalar bo‘limi rahbari Tim Vudberi “Dunyo” AA muxbiri bilan suhbatda O‘zbekistondagi investitsiya muhiti va yuqori texnologiyalar sohasidagi hamkorlik istiqbollari haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

– O‘zbekistonga ilk bor kelishim va bu mamlakat xalqining juda mehmondo‘st ekaniga guvoh bo‘ldim. Samarqandda o‘tkazgan vaqtim, ayniqsa, uning tarixiy markazi bilan tanishish va betakror muhitidan bahramand bo‘lish imkoniyati menga juda manzur bo‘ldi. Bu yerdagi odamlar nihoyatda samimiy va ochiqko‘ngil. Bu, shubhasiz, mamlakat haqida juda ijobiy taassurot uyg‘otadi.

Biznes nuqtayi nazaridan O‘zbekiston yetakchi global kompaniyalar, jumladan, Amerika ishbilarmon doiralari bilan sheriklikni rivojlantirishdan manfaatdor mamlakat sifatida namoyon bo‘lmoqda. Men bu yerda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar borligini ko‘ryapman.

Kompaniyamiz yuqori texnologiyalar sohasida faoliyat yuritadi va modulli ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. O‘zim dunyoning yirik texnologik innovatsiyalar markazlaridan biri bo‘lgan Kaliforniya shtatining San-Fransisko shahridanman. Shu bois, agar O‘zbekiston texnologik salohiyatini va raqamli infratuzilmasini rivojlantirishda davom etsa hamda zamonaviy yechimlarni joriy etishga intilsa, kompaniyamiz hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganishdan manfaatdor.

Albatta, investorlar uchun huquqiy va tartibga solish muhitining sifati, soliq siyosati, biznes yuritish sharoitlari hamda boshqa iqtisodiy omillar kabi masalalar muhim ahamiyatga ega. Biroq, nazarimda, insonlar o‘rtasidagi munosabatlar, tomonlarning ochiq va konstruktiv muloqotga tayyorligi ham bundan kam bo‘lmagan, ko‘p hollarda esa yanada muhimroq ahamiyat kasb etadi.

Kecha O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri bilan uchrashishga muvaffaq bo‘ldim. Uning Amerika kompaniyalari bilan hamkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan qiziqishi va texnologik sheriklik uchun yangi imkoniyatlar yaratishga intilishi menda katta taassurot qoldirdi.

Menimcha, muvaffaqiyatli hamkorlikning kaliti aynan shunda. Biznesdagi ko‘plab masalalar insonlar o‘rtasidagi munosabatlar, o‘zaro ishonch va birgalikda ishlashga tayyorgarlikka borib taqaladi.

Agar bunday o‘zaro anglashuv va sheriklikka intilish mavjud bo‘lsa, bu uzoq muddatli hamkorlik hamda aniq investitsiyaviy va texnologik loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish