Birmingemda O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi

Oktabr 20, 2026. 17:00 • 2 daq

• 19
Birmingemda O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi
Birmingemda O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi
Birmingemda O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi

BIRMINGЕM, 20-oktabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Birmingem universitetida O‘zbek tili bayrami munosabati bilan “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu intellektual bellashuv Buyuk Britaniyadagi O‘zbekistonlik talabalar uyushmasi (UzSU) hamda Birmingem universiteti huzuridagi “O‘zbek jamiyati” hamkorligida o‘tkazildi.

Musobaqa Britaniyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlarni birlashtirish, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini namoyon etish, milliy tilimiz va madaniyatimizni keng targ‘ib qilish, talabalar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratildi.

Bellashuvda Birmingem, Manchester, Bristol, Liverpul, Uorvik va Britaniyaning boshqa shaharlarida ta’lim olayotgan yuz nafardan ziyod talaba qatnashdi. Ishtirokchilar 16 ta jamoaga bo‘lingan holda bilim va mantiqiy fikrlash borasida o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi. Ular orasida UzSU a’zolari, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari hamda O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi faollari ham bor edi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga “El-yurt umidi” jamg‘armasi hamda “Zakovat” intellektual klubi rahbariyatining videomurojaati va tabriklari yetkazildi.

Musobaqa ko‘tarinki ruhda, qizg‘in va murosasiz intellektual bahslar ostida o‘tdi. Jamoalar o‘z bilimi, tezkor fikrlash qobiliyati va hamjihatlikda ishlash mahoratini namoyon etdi.

Faxrli o‘rinlarni egallagan jamoalarga elchixona tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi. Ishtirokchilarga o‘zbek milliy taomlari tortildi.

Tadbirning Birmingem universitetida o‘tkazilishi alohida ahamiyat kasb etadi. 1900-yilda tashkil etilgan mazkur oliy ta’lim muassasasi Angliyadagi birinchi fuqarolik universiteti hisoblanadi. Bugungi kunda u Britaniyaning yetakchi ilmiy-tadqiqot universitetlaridan biri bo‘lib, jahonning TOP-100 universitetlari reytingiga kiradi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish