Diyene Keyta: O‘zbekiston inson kapitaliga sarmoya kiritish orqali kelajak uchun mustahkam poydevor yaratmoqda
Sentabr 02, 2026. 07:00 • 5 daq
• 101
NYU-YORK, 2-sentyabr. /“Dunyo” AA/. BMT bosh kotibi o‘rinbosari, tashkilotning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keyta yurtimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AAga intervyu berib, O‘zbekiston xalqiga samimiy tabrik va ezgu tilaklarini yo‘lladi.
– Bu yil O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. Joriy yil may oyida yurtimizga qilgan tashrifingiz chog‘ida amalga oshirilayotgan islohotlarning qaysi jihatlari sizda katta taassurot qoldirdi?
– Mustaqillikning 35 yili davomida O‘zbekiston o‘zgarishlar ko‘lami va surʼati bilan alohida ajralib turadi. Ayniqsa, so‘nggi o‘n yillikda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar mamlakatni rivojlantirdi, fuqarolar uchun yangi imkoniyatlar yaratdi va aholi hayot sifatini yaxshiladi.
2026-yil may oyida O‘zbekistonga qilgan tashrifim chog‘ida bu o‘zgarishlarning hayotga qanday tatbiq etilayotganiga guvoh bo‘ldim. Meni hayratga solgan jihat – islohotlarning amaliyotda o‘z ifodasini topayotganidir. Ular nafaqat siyosat va davlat institutlari faoliyatida, balki aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar, yaratilayotgan imkoniyatlar va hatto eng olis mahallalardagi oilalarga yetib borayotgan ko‘makda ham namoyon bo‘lmoqda.
Aynan shu insoniy jihat O‘zbekistonning bugungi taraqqiyot yo‘lini yana-da taʼsirchan qiladi. Onalikka eʼtibor, ayollarning taʼlim olishi, ishlashi va rahbarlik lavozimlarini egallashi uchun imkoniyatlarning kengayayotgani bundan dalolat beradi. Oilalarni qo‘llab-quvvatlash va yoshlar uchun yangi shart-sharoitlar yaratish borasida ham ko‘plab o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.
Onalar salomatligini muhofaza qilish yo‘nalishida ham so‘nggi o‘n yillikda ko‘plab natijalarga erishildi. O‘zbekiston onalik va reproduktiv salomatlikni milliy ustuvor vazifaga aylantirdi. Sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash va tibbiy yordam sifatini oshirishga qaratilgan izchil investitsiyalar onalar o‘limini 2010-yilda har 100 ming tirik tug‘ilgan chaqaloqqa nisbatan 21 holatdan 2025-yilda 10,9 holatgacha kamaytirishga yordam berdi.
Kelgusida o‘smirlar salomatligiga sarmoya kiritishni davom ettirish va sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha maʼrifiy ishlarni olib borish hozirgi yosh avlodning yana-da sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishi, shuningdek, O‘zbekistonning kelgusi taraqqiyoti va farovonligiga hissa qo‘shishi uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
UNFPAda har bir ayol xavfsiz sharoitda farzand ko‘rishi, o‘z reproduktiv salomatligi bo‘yicha ongli qarorlar qabul qilishi va yashash joyidan qatʼiy nazar, sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanishi kerakligiga katta eʼtibor qaratiladi.
Gender tengligi, ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, xotin-qizlarni himoya qilish sohasidagi tashabbuslarning rivojlanayotgani kishiga umid bag‘ishlaydi. Mamlakatingizga tashrifim davomida tuman va shaharlarda joylashgan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarini ko‘zdan kechirdim.
Ushbu markazlar nafaqat ijtimoiy himoya va ko‘makni aholiga yaqinlashtirmoqda, balki murakkab ahvoldagi xotin-qizlarga turli xizmatlarni ham ko‘rsatmoqda. Tashrif chog‘ida bu markazlar ehtiyojmandlar uchun 100 dan ortiq ijtimoiy xizmat turini bir joyga jamlaganiga guvoh bo‘ldim.
Turli xil yordam turlarini bir joyga jamlash orqali ular ehtiyojlar va inson huquqlariga asoslangan yana-da yaxlit yondashuvni rivojlantirishga ko‘maklashmoqda. Eng muhimi, xizmatlarni xotin-qizlar, keksalar va oilalar ehtiyojlariga mos, qulay va muvofiqlashtirilgan shaklda taqdim etmoqda.
Bugungi kunda ayollarning huquq va manfaatlariga alohida ijtimoiy masala sifatida emas, balki inson kapitalini rivojlantirish, oilalar farovonligini taʼminlash, iqtisodiy o‘sish va milliy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim omil sifatida qaralmoqda.
O‘zbekistonda mahallalar alohida shaxslar va oilalarning ehtiyojlarini aniqlash, ularga munosabat bildirish, fuqarolarni tibbiy, ijtimoiy va himoya xizmatlariga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Aholi bandligini taʼminlash va daromad manbalarini yaratishga ko‘maklashishga qodir bo‘lgan mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish instituti sifatidagi imkoniyatlari ham tobora kengaymoqda.
– O‘zbekiston aholiga oid maʼlumotlar va demografik prognozlardan inson kapitaliga investitsiya kiritish, demografik o‘zgarishlarni oldindan baholash va ularga munosib javob choralarini ko‘rishda qanday foydalanmoqda? Sizningcha, mamlakat taraqqiyotining keyingi bosqichida tashkilot O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashda qanday o‘rin tutadi?
– Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlarining o‘tkazilgani bu borada muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu tashabbuslar mamlakatning insonga yo‘naltirilgan va dalillarga asoslangan rivojlanishga sodiqligi ortib borayotganini aks ettiradi. Shu bilan birga, ular demografik o‘zgarishlarni baholash va kelajakni rejalashtirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Aholini ro‘yxatga olish jamiyatda yuz berayotgan o‘zgarishlar – oilalar qanday yashayotgani, yoshlar bilan bog‘liq masalalar, aholini qiynayotgan muammolar, tengsizlik, shuningdek, kelgusi ehtiyoj va imkoniyatlar haqida muhim maʼlumot beradi.
Yangi dalillar bazasi sog‘liqni saqlash, taʼlim, bandlik, uy-joy qurilishi, infratuzilma va ijtimoiy himoya kabi sohalarda siyosatni ishlab chiqish va rejalashtirishni yana-da takomillashtirishga xizmat qiladi. Bu shiddatli demografik va iqtisodiy o‘zgarishlar sharoitida O‘zbekistonga o‘z taraqqiyotining navbatdagi bosqichini yana-da aniq va uzoqni ko‘zlab rejalashtirish imkonini yaratadi.
O‘zbekistonning asosiy boyligi – uning xalqidir. Yosh va o‘sib borayotgan aholisi tufayli mamlakat salmoqli demografik salohiyatga ega. Istiqbolli rejalashtirish va inson kapitaliga izchil sarmoya kiritish orqali O‘zbekiston demografik dividenddan samarali foydalanib, bu salohiyatni tobora real imkoniyatlarga aylantirmoqda.
30 yildan ortiq vaqt davomida UNFPA O‘zbekistonga bu yo‘lda faxr bilan hamrohlik qilib kelmoqda. Hamkorligimiz doirasida onalik va reproduktiv salomatlikni rivojlantirish, gender tengligini ilgari surish, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, aholi to‘g‘risidagi maʼlumotlar tizimi va demografik tahlilni mustahkamlash, shuningdek, dalillarga asoslangan davlat siyosatini ilgari surish bo‘yicha birgalikda ish olib bordik.
Bugun O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining navbatdagi bosqichiga qadam qo‘yayotgan bir paytda hamkorligimiz nafaqat xotin-qizlar uchun tibbiy va ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish, balki demografik prognozlash, aholi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni to‘plash va tahlil qilish, demografik barqarorlikni mustahkamlash hamda aholining demografik tarkibidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq imkoniyatlardan foydalanishga qaratilgan. Bu, o‘z navbatida, mamlakatga demografik o‘zgarishlarni yaxshiroq anglash va bashorat qilish, shuningdek, dalillarga asoslangan qarorlarni qabul qilishda yordam beradi.
Mustaqillikning 35 yilligini nishonlar ekan, O‘zbekiston insonga yo‘naltirilgan islohotlar – inklyuziv, barqaror va farovon jamiyatni shakllantirishga qaratilgan institutlarni mustahkamlash, imkoniyatlarni kengaytirish va inson kapitaliga sarmoya kiritish orqali kelajak uchun mustahkam poydevor yaratdi.
UNFPA nomidan O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan samimiy tabriklayman.
Jamg‘armamiz kelgusida ham O‘zbekistonning barqaror va farovon kelajakni barpo etish yo‘lidagi keng ko‘lamli saʼy-harakatlarini qo‘llab quvvatlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi