Ursula fon der Lyayen: Biz O‘zbekistonning Markaziy Osiyo doirasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashdagi rolini yuksak qadrlaymiz

Sentabr 01, 2026. 16:30 • 7 daq

20
Ursula fon der Lyayen: Biz O‘zbekistonning Markaziy Osiyo doirasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashdagi rolini yuksak qadrlaymiz

BRYUSSEL, 1-sentyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston mustaqilligi kuni arafasida Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen “Dunyo” axborot agentligiga intervyu berdi.

– O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi nishonlanmoqda. O‘tgan vaqt davomida mamlakat ulkan taraqqiyot jarayonini boshdan kechirdi. Sizningcha, mamlakatning eng muhim yutuqlari nimalardan iborat va hozirgi rivojlanish bosqichidagi o‘ziga xos jihatlari qanday?

– O‘zbekistonda yirik transformatsiya jarayonlari 2016-yildan keyin, ayniqsa, jadal tus oldi. Mamlakat iqtisodiy va xalqaro sheriklikni mustahkamlash nuqtai nazaridan dunyoga ochildi. Islohotlar jadal davom etmoqda, qo‘shni davlatlar va xorijlik hamkorlar bilan aloqalar mustahkamlanmoqda.

O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlarini yana-da yaqinlashtirishda muhim rol o‘ynamoqda. Mintaqaviy hamkorlikning yangicha yo‘nalishda tiklanishi so‘nggi yillardagi eng muhim voqealardan biri bo‘lmoqda.

Yevropa Ittifoqi bu jarayonlarni eʼtirof etib, qo‘llab-quvvatlaydi. Iqtisodiyotni liberallashtirish, xususiy tadbirkorlik uchun sharoitlarni yaxshilash, xalqaro savdo va investitsiya aloqalarini mustahkamlash, mehnat huquqlari sohasidagi taraqqiyot aholi uchun real manfaatlar keltirdi. Xalqaro moliya institutlari O‘zbekiston iqtisodiyotidagi o‘zgarishlar ko‘lami va kambag‘allik darajasining sezilarli qisqarganini qayd etmoqda.

O‘zbekiston modernizatsiya yo‘lidan borar ekan, mintaqadagi aloqalarni yana-da mustahkamlab, keng ko‘lamli xalqaro hamkorlik tarmoqlarini rivojlantirmoqda. Islohotlar, jumladan, qonun ustuvorligi, inson huquqlari va samarali davlat boshqaruvi sohalaridagi o‘zgarishlarni izchil davom ettirish mamlakat fuqarolari uchun ham, investitsiyalarni jalb qilish uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Biz geosiyosiy beqarorlik davrida yashamoqdamiz. Yangi xavfsizlik tahdidlari va xalqaro qoidalarga asoslangan tartib uchun jiddiy muammolarga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Yangi voqeliklar yangi chaqiriqlarni yuzaga keltirmoqda. Ularga samarali javob berish uchun O‘zbekiston bilan bo‘lgani kabi, hamkor davlatlarimiz bilan munosabatlarni mustahkamlash va hamkorlikni yana-da kengaytirishimiz zarur.

– O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlik kengaymoqda. Aytingchi, o‘zaro munosabatlarda qaysi qo‘shma loyihalar yoki hamkorlik yo‘nalishlari muvaffaqiyatli kechmoqda?

– Darhaqiqat, so‘nggi yillarda munosabatlarimiz sezilarli darajada kengaydi. Kelgusi yillarda hamkorlik aloqalarimiz yana-da rivojlanishiga ishonchim komil.

2025-yil oktyabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Bryusselga tashrifi chog‘ida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (KShHB) imzolandi. Ushbu hujjat o‘zaro manfaatli asosda hamkorlik qilishimiz uchun huquqiy asos yaratmoqda. Mazkur bitim siyosiy muloqot, savdo va investitsiyalar, o‘zaro bog‘liqlik, barqaror rivojlanish, tadqiqot va innovatsiya, taʼlim, atrof-muhit kabi yo‘nalishlarda yangi imkoniyatlarni ochib beradi.

Muhim yo‘nalish sifatida savdo aloqalari kengaymoqda. Biz O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bozorga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarning yakunlangani bu jarayonda muhim qadam bo‘ldi.

O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining Umumlashtirilgan imtiyozlar tizimi – GSP+ doirasida import bojlarining bekor qilinganidan foydalanmoqda. Bu ikki tomonlama savdoni rag‘batlantirish bilan birga, inson huquqlari, atrof-muhitni muhofaza qilish, mehnat huquqlari va samarali davlat boshqaruvini yaxshilashga ham xizmat qiladi.

Biz muhim xomashyo sohasidagi strategik sherikligimizni jadal rivojlantirayapmiz. Ushbu hamkorlik har ikki tomonni yana-da xavfsiz va barqaror, texnologik jihatdan ilg‘or mahsulotlar bilan taʼminlashga hissa qo‘shishi mumkin. Uning doirasida xomashyo qiymat zanjirlarini O‘zbekistonning o‘zida rivojlantirish ham qo‘llab-quvvatlanadi.

Transport sohasi ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Markaziy Osiyo bilan Yevropani bog‘lovchi muhim aloqa yo‘li, mintaqaviy savdo uchun muhim tarmoq bo‘lgan Transkaspiy transport koridorini rivojlantirishda hal qiluvchi o‘rin tutadi.

Endi biz KShHB imkoniyatlaridan to‘liq foydalanib, siyosiy sherikligimizni aniq loyihalar, investitsiyalar va fuqarolar uchun yangi imkoniyatlarga aylantirishimiz kerak.

– O‘zbekiston tashqi siyosatda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratadi. Sizningcha, ushbu yondashuv bugungi global muammolarni hal etishga qay darajada yordam beradi?

– Biz O‘zbekistonning Markaziy Osiyo doirasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashdagi rolini yuksak qadrlaymiz. So‘nggi yillarda bu borada salmoqli yutuqlar qo‘lga kiritildi.

Aytish joizki, hozirda ko‘plab muammolar mintaqaviy xususiyatga ega hisoblanadi. Xususan, bu borada suv va energetika resurslarini boshqarish, transport va raqamli o‘zaro bog‘liqlik, iqlim o‘zgarishi, chegaralarni belgilash, xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot muhim ahamiyat kasb etadi.

Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitida biz Markaziy Osiyo bilan strategik sheriklikni yo‘lga qo‘ydik. Bu sheriklik umumiy qadriyat va manfaatlarga, tinchlik, xavfsizlik, barqaror rivojlanishga asoslangan.

Shu bilan birga, transport, muhim xomashyo, suv, energetika, iqlim, xavfsizlik va xalqlar o‘rtasidagi munosabatlar bo‘yicha hamkorlik qilayapmiz. Bu kabi yo‘nalishlar uchun Yevropa Ittifoqining “Global darvoza” (Global Gateway) tashabbusi doirasida ko‘zda tutilgan mablag‘ hajmi 12 milliard yevroni tashkil qiladi.

– O‘zbekiston iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, investitsiyalarni jalb etish, raqamli transformatsiya, innovatsiya, taʼlim, fan va inson kapitalini rivojlantirishga alohida eʼtibor bermoqda. Kelgusida ushbu sohalarda hamkorlikni kengaytirish uchun qanday imkoniyat mavjud?

– Siz aytgan sohalar hamkorligimizning muhim yo‘nalishi hisoblanadi va kelgusi yillarda munosabatlarimizni kengaytirish uchun yana ko‘plab qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilganmiz.

Yevropa Ittifoqi ishonchli va uzoq muddatli hamkordir. Biz umumiy manfaat va qadriyatlar asosida aloqalarimizni mustahkamlash va iqtisodiy hamkorligimizni chuqurlashtirishga qatʼiy bel bog‘laganmiz.

Bizning sherikligimiz oddiy muloqotdan ancha keng tushunchadir. “Global darvoza”, “Yevropa jamoasi” kabi tashabbus va qo‘shma loyihalarning tobora kengayib borayotgani umumiy maqsad va intilishlarimizni belgilamoqda.

“Global darvoza” doirasidagi investitsiyalar uzoq muddatli barqaror rivojlanish va iqtisodiy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Biz transport, muhim xomashyo, suv va energetika yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirayapmiz.

2024-yilda Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo transport sohasidagi investorlar birinchi forumida Transkaspiy transport koridorini rivojlantirish uchun 10 milliard yevro miqdorida mablag‘ ajratish majburiyati olingan edi. 2025-yil oxiriga kelib, ushbu mablag‘ning taxminan 2,5 milliard yevrosi aniq loyihalar uchun belgilandi.

Muhim xomashyo sohasidagi hamkorligimiz doirasida mahalliy qiymat yaratish, texnologik rivojlanish va yana-da barqaror taʼminot zanjirlarini shakllantirish qo‘llab-quvvatlanadi. 2025-yil aprel oyida Samarqandda o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitida “Global darvoza” investitsiya paketi doirasida umumiy qiymati 2,5 milliard yevro bo‘lgan muhim xomashyo loyihalari portfeli eʼlon qilindi.

Markaziy Osiyoda suv, energetika va iqlim bo‘yicha “Yevropa jamoasi” tashabbusi doirasida ushbu sohalardagi loyihalarning umumiy qiymati hozirda taxminan 4,8 milliard yevroni tashkil etadi. Yevropa Ittifoqi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan loyihalar qatoriga Toshkent, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida ichimlik suvi taʼminoti dasturi hamda Sarimay quyosh elektr stansiyasini qurish loyihasi ham kiradi.

Biz “C4CA” dasturi orqali raqamli o‘zaro bog‘liqlikka investitsiya kiritmoqdamiz. Ushbu dastur AKT siyosati, tartibga solish va salohiyatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 20 million yevrolik mintaqaviy dasturdir.

Bundan tashqari, xizmatlar yetarli darajada yoki umuman ko‘rsatilmaydigan hududlarda sunʼiy yo‘ldosh aloqasini joriy etish uchun 60 million yevro miqdorida infratuzilma investitsiyasi amalga oshirilmoqda.

Raqamli o‘zaro bog‘liqlik ayniqsa muhim. Xavfsiz va ishonchli infratuzilma olis hududlardagi aholi, maktablar, shifoxonalar va davlat xizmatlarini o‘zaro bog‘lashi hamda zamonaviy iqtisodiyotni rivojlantirishga ko‘maklashadi.

Taʼlim, tadqiqot va innovatsiyalar ham muhim ahamiyatga ega. Biz “Erasmus+” va “Horizon Europe” kabi dasturlar orqali hamkorlikni kengaytirish va taʼlim, ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga qatʼiy bel bog‘laganmiz. Bilim, ko‘nikmalar va inson kapitaliga investitsiya kiritish O‘zbekistonning uzoq muddatli raqobatbardoshligini taʼminlash uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.

– Kelajakka nazar tashlaydigan bo‘lsak, keyingi 10–15 yil ichida O‘zbekistonni qanday tasavvur qilasiz? Sizningcha, mamlakatning xalqaro mavqeini yana-da oshirishda qaysi omillar muhim rol o‘ynaydi?

– O‘zbekiston zamonaviy transport, energetika va raqamli tarmoqlar orqali Markaziy Osiyoni Yevropa va boshqa bozorlar bilan bog‘lashda tobora muhim hududga aylanib borayapti. Eng muhimi, bu boradagi saʼy-harakatlar jadal amalga oshirilmoqda.

Iqtisodiy islohotlarni izchil davom ettirish, xalqaro savdoga yana-da integratsiyalashuv, xususiy sektorni rivojlantirish va Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish iqtisodiy o‘sish va diversifikatsiyani yana-da yuksaltiradi.

Shu bilan birga, mamlakatda yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish, sanoatni modernizatsiya qilish va zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu jarayonda taʼlim, ilm-fan, innovatsiyalar va yoshlarga sarmoya kiritish alohida ahamiyatga ega. Zero, aynan shu sohalarga yo‘naltirilgan investitsiyalar aholi farovonligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish