Saudiya Arabistonida O‘zbekistonning boy madaniy merosi namoyish etildi
Iyun 22, 2026. 12:00 • 2 daq
• 58AR-RIYOZ, 22-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi tomonidan “Butunjahon merosi kuni” munosabati bilan ko‘rgazma tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“O‘zbekistonning madaniy merosi va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi” mavzusida bo‘lib o‘tgan tadbirda mamlakatimizning Saudiya Arabistonidagi elchisi Nodirjon Turg‘unov yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, Islom sivilizatsiyasi markazi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Mazkur markaz islom tarixi, madaniyati va ilm-fanini chuqur o‘rganish hamda keng targ‘ib etishga qaratilgan bo‘lib, o‘z maydoni va qamrovi bo‘yicha dunyodagi eng yirik ilmiy-maʼrifiy majmualardan biri ekani alohida qayd etildi.
Shuningdek, elchixona diplomatlari tomonidan O‘zbekiston Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan holda Sharq va G‘arb sivilizatsiyalarini bog‘lab kelgani, Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent va Farg‘ona kabi ko‘hna shaharlarning noyob meʼmoriy obidalari hamda xalqimizning ko‘p asrlik hunarmandchilik anʼanalari jahon madaniyatining ajralmas qismi ekani taʼkidlandi.
Mamlakatimizda turizm infratuzilmasini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan izchil davlat siyosati va ziyorat, gastronomik, ekologik hamda tog‘ turizmi yo‘nalishlarida yaratilgan zamonaviy sharoitlar ko‘rgazma ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda mazkur soha iqtisodiyotning muhim drayveriga aylangani, Ko‘rfaz davlatlari – Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Qatar, Quvayt, Ummon va Iordaniya fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim hamda “E-visa” tizimi joriy etilgani sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qilayotgani maʼlum qilindi.
Ko‘rgazma davomida O‘zbekiston milliy pavilyoniga tashrif buyurgan mehmonlar eʼtiboriga yurtimizning tarixiy shaharlari va zamonaviy taraqqiyotini aks ettiruvchi videoroliklar, milliy hunarmandchilik mahsulotlari hamda respublikamiz turizm kompaniyalarining targ‘ibot bukletlari taqdim etildi.
Tadbir yakunida xorijlik mehmonlarga o‘zbek milliy taomlari, yurtimizning tabiiy mahsulotlari – tog‘ asali, quruq mevalar va milliy shirinliklar tortiq qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


