Berlindan munosabat: O‘zbekiston Germaniya biznesi uchun Markaziy Osiyodagi eng istiqbolli hamkorlardan biriga aylanmoqda

Iyun 22, 2026. 11:30 • 3 daq

14
Berlindan munosabat: O‘zbekiston Germaniya biznesi uchun Markaziy Osiyodagi eng istiqbolli hamkorlardan biriga aylanmoqda

BERLIN, 22-iyun. /“Dunyo” AA/. LUNO-Gruppe” kompaniyasi rahbari Mixael Novak “Dunyo” AAga Germaniya Federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi va V Toshkent xalqaro investitsiya forumi haqida fikr bildirdi:

– Bugungi kunda O‘zbekiston Germaniya uchun tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu, avvalo, mamlakatning Germaniyada o‘zini faol, izchil va samarali namoyon etayotgani bilan bog‘liq.

O‘zbekiston turli iqtisodiy, sarmoyaviy va sohaviy platformalarda muntazam ishtirok etmoqda, mamlakat salohiyatini ochib berishga qaratilgan taqdimotlar va uchrashuvlar tashkil qilinmoqda. Bu jarayonda O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi alohida faollik ko‘rsatayotganini taʼkidlash lozim.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, xorijiy biznes uchun qulay muhit yaratish va mamlakatning xalqaro ishbilarmon doiralardagi jozibadorligini oshirishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda. Bu saʼy-harakatlar Germaniya tadbirkorlari orasida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Masalan, yaqinda Gamburgda O‘zbekiston Yengil sanoat uyushmasining muvaffaqiyatli taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatning to‘qimachilik va yengil sanoat sohasidagi imkoniyatlari nemis biznes vakillarida ijobiy taassurot qoldirdi.

O‘zbekiston tomonidan biznesni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan aniq va maqsadli harakatlarni ko‘ryapman. O‘zbek kompaniyalari Germaniya bozorida tobora faol ishtirok etmoqda. Ayniqsa, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, to‘qimachilik va ishlab chiqarish sohalaridagi korxonalar o‘z salohiyatini muvaffaqiyatli namoyish etmoqda. Bu O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati, raqobatbardoshligi va eksport imkoniyatlari ortib borayotganidan dalolat beradi.

Germaniya Federal prezidentining yetakchi kompaniyalar vakillari bilan O‘zbekistonga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarda muhim siyosiy va iqtisodiy signaldir. Prezidentning biror mamlakatga tashrif buyurishi Germaniya tomonidan ushbu davlatga yuqori darajadagi qiziqish va ishonch mavjudligini anglatadi. Bu qiziqish faqat siyosiy muloqot bilan cheklanib qolmay, iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadini ham ifoda etadi.

Bunday tashriflar va forumlar, avvalo, biznes uchun amaliy muloqot maydonini yaratadi. Ular kompaniyalarga bir-biri bilan tanishish, hamkorlar topish, yangi loyihalarni muhokama qilish va investitsiya imkoniyatlarini baholash imkonini beradi.

Bugungi geosiyosiy o‘zgarishlar sharoitida O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng muhim davlatlardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Mamlakat boy tabiiy resurslarga, qariyb 40 million aholiga ega yirik isteʼmol bozoriga va qulay mintaqaviy joylashuvga ega. Bu omillar mamlakatni nafaqat alohida milliy bozor, balki butun mintaqa bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish nuqtasiga aylantirmoqda.

Nemis tadbirkori sifatida shuni alohida taʼkidlamoqchimanki, O‘rta koridorning rivojlanishi Germaniya va Yevropa biznesining Markaziy Osiyoga bo‘lgan qiziqishini yanada oshiradi. Muqobil transport yo‘laklari, barqaror taʼminot zanjirlari va yangi logistika imkoniyatlari hozirgi global sharoitda juda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu jarayonda O‘zbekistonning mintaqaviy transport, ishlab chiqarish va savdo markazi sifatidagi o‘rni yanada kuchayadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish