Malayziyada ilk bor “Umra plyus” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi tashkil etildi
Iyun 22, 2026. 08:10 • 3 daq
• 149KUALA-LUMPUR, 22-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tomonidan mamlakatimiz Turizm qo‘mitasi hamda Umra ziyoratlari sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda Kuala-Lumpur shahrida ilk bor “HUITM Umra Plus” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nufuzli anjuman doirasida O‘zbekistonning boy ziyorat turizmi salohiyatiga bag‘ishlangan keng qamrovli taqdimotlar, fotoko‘rgazma hamda “G2B” va “B2B” formatidagi uchrashuvlar o‘tkazildi. Mazkur tadbirda Malayziya Din ishlari vaziri o‘rinbosari Marhama Rosli, Turizm, san’at va madaniyat vazirligi bosh kotibi Shaharuddin bin Abu Sohot, Malayziya turizm operatorlari assotsiatsiyasi raisi Mohd Xalid Xarun, “MATTA” va “BUMITRA” turizm assotsiatsiyalari rahbariyati, mahalliy va xorijiy turkompaniyalar, diplomatik korpus hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizda ziyorat turizmi sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xususida so‘zlab berdi. Jumladan, malayziyalik ziyoratchilar uchun Samarqandda qurib bitkazilgan muhtasham Imom al-Buxoriy majmuasi va Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida yaratilgan zamonaviy va qulay shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.
Malayziya fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz rejim amal qilayotgani, qolaversa, “Uzbekistan Airways”, “Batik Air Malaysia” va “Air Asia” aviakompaniyalari tomonidan Toshkent, Kuala-Lumpur va Langkavi oroli o‘rtasida haftasiga 8 marotaba to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaparvozlar yo‘lga qo‘yilgani sayyohlar oqimini oshirishda muhim omil bo‘layotgani alohida qayd etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Umra ziyoratlari sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi raisi Sherzod Sami hamkorlarni “Umra plyus” dasturlarini Malayziya bozorida birgalikda faol targ‘ib qilishga chaqirdi. O‘z navbatida, Malayziya turizm operatorlari assotsiatsiyasi raisi Mohd Xalid Xarun malayziyaliklar orasida Imom Buxoriy yurtiga qiziqish juda yuqori ekanini bildirdi. U joriy yilda faoliyat boshlagan Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi yangi majmuani ziyorat qilish istagidagi malayziyalik sayyohlar soni tobora ko‘payib borayotganini mamnuniyat bilan e’tirof etdi.
Ko‘rgazma doirasida yurtimiz turoperatorlari tomonidan Samarqand, Buxoro va Toshkent shaharlarining “ziyorat turizmi”, “madaniy-tarixiy”, “gastronomik” va “Umra plyus” yo‘nalishlaridagi yangi loyihalari taqdimot qilindi va ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida aniq shartnomaviy kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, milliy hunarmandchilik va amaliy san’at mahsulotlari ko‘rgazmasi tadbirga o‘ziga xos joziba baxsh etdi.
Malayziyada muvaffaqiyatli start olgan “HUITM Umra Plus” yirik xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi kelgusida dunyoning boshqa yirik shaharlarida, xususan, 23-iyun kuni Jakartada, 27-iyun kuni Toshkentda (“Humo arena” majmuasida), 2-iyul kuni Marokashda, 11-iyul kuni Istanbulda va 13-sentyabr kuni Olmaotada o‘z ishini davom ettiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




