Malayziyada o‘zbekistonlik talabalar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi

Oktabr 07, 2026. 15:21 • 2 daq

• 68
Malayziyada o‘zbekistonlik talabalar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi

KUALA-LUMPUR, 7-oktabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Malayziyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Malayziyadagi vakillari ham ishtirok etdilar.

Uchrashuv avvalida qatnashchilarga O‘zbekistonning yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, xorijda ta’lim olayotgan yoshlarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining doimiy e’tibor markazida ekanligi e’tirof etildi.

Interaktiv va do‘stona ruhda o‘tgan muloqot chog‘ida Malayziyadagi o‘zbekistonlik yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular ishtirokida kelajakda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish bo‘yicha fikr almashildi. Yoshlarimizning yangi g‘oya, taklif va tashabbuslari tinglanib, ularni qiziqtirgan savollar yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.

Shuningdek, tadbir davomida diplomatik vakolatxona tomonidan ko‘rsatilayotgan konsullik xizmatlari, jumladan, vaqtinchalik konsullik ro‘yxatiga o‘tish va xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish kabi masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi.

O‘z navbatida, Malayziyada tahsil olayotgan talaba yoshlar respublikamiz hayotida faol ishtirok etishga, vatanimizni yanada taraqqiy ettirishga o‘z hissalarini qo‘shishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Tadbir yakunida Malayziyadagi o‘zbek talabalari bilan yaqin kelajakda turli madaniy-ma’rifiy va sport musobaqalarini o‘tkazishga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish