Toshkentda “English Law Forum Uzbekistan 2026” forumi bo‘lib o‘tdi
Oktabr 07, 2026. 14:57 • 2 daq
• 10TOSHKENT, 7-oktabr. /“Dunyo” AA/. Poytaxtimizda xalqaro huquqning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan “English Law Forum Uzbekistan 2026” forumi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Anjuman O‘zbekiston Advokatlar palatasi hamda Buyuk Britaniyaning nufuzli “LawLex”yuridik firmasi hamkorligida tashkil etildi.
Forum ishida O‘zbekiston Advokatlar palatasi rahbariyati va mas’ul xodimlari, mahalliy va xalqaro advokatlar, ekspertlar, shuningdek, biznes hamjamiyati hamda boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida xalqaro tijorat munosabatlarida ingliz huquqining roli, yurisdiksiya va nizolarni hal etish mexanizmlari, xalqaro arbitraj, investitsiyalarni huquqiy himoya qilish, sud mustaqilligi, transchegaraviy sud qarorlarini ijro etish va aktivlarni qaytarish kabi qator muhim masalalar muhokama qilindi.
Mazkur forum O‘zbekiston advokaturasi va xalqaro yuridik hamjamiyat o‘rtasidagi kasbiy muloqotni kengaytirish, milliy advokatlarning xalqaro amaliyotdagi ishtirokini kuchaytirish hamda zamonaviy yuridik xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qildi.
Tadbir yakunida xalqaro huquqiy tadbirlarni muntazam o‘tkazib borish, advokatlar va yuristlarning malakasini oshirish, shuningdek, xalqaro arbitraj va transchegaraviy nizolar sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

