O‘zbekiston vakillari “Teknofest-2026” festivalida ishtirok etdi
Oktabr 07, 2026. 14:22 • 2 daq
• 2SHANLIURFA, 7-oktabr. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning Shanliurfa viloyatida 30-sentabr — 4-oktabr kunlari o‘tkazilgan nufuzli “Teknofest-2026” aviatsiya, kosmos va texnologiyalar festivalida O‘zbekiston diplomatlari ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Teknofest” Turkiyaning milliy texnologiyalarni rivojlantirish, yoshlarni ilm-fan va innovatsiyalarga keng jalb etish hamda texnologik tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan eng yirik xalqaro platformalaridan biridir. Festival Turkiya Sanoat va texnologiya vazirligi hamda “T3 Vakfı” hamkorligida tashkil etilib, unda aviatsiya, kosmos, sun’iy intellekt, robototexnika, uchuvchisiz havo vositalari, raketa texnologiyalari, raqamli texnologiyalar va startaplar yo‘nalishlarida keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkazildi.
Festivalda Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an ishtirok etib, yoshlar va texnologik loyihalar mualliflari bilan muloqot qildi.
“Teknofest-2026” xalqaro miqyosi bilan ham alohida ahamiyat kasb etdi. Texnologiya musobaqalarida 99 davlatdan arizalar kelib tushgan bo‘lib, Fransiya, Xitoy va Yaponiya kabi yetakchi davlatlar vakillari ham qatnashdi. Musobaqalar doirasida 61 ta asosiy va 143 ta quyi kategoriya bo‘yicha final bosqichlari tashkil etildi. Yoshlar tomonidan uchuvchisiz havo vositalari, sun’iy yo‘ldoshlar, raketa texnologiyalari, sun’iy intellekt, robototexnika, chip dizayni, qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash sohalarida innovasion loyihalar namoyish etildi.
Festival davomida “Baykar”, “Aselsan”, “Roketsan”, “Havelsan”, “Turkcell”, “Trendyol” kabi Turkiyaning yetakchi texnologik kompaniyalari o‘z ishlanmalarini taqdim etdi. Ayniqsa, mudofaa sanoati, aviatsiya va raqamli yechimlar katta qiziqish uyg‘otdi.
Tashrif doirasida “T3 Vakfi”vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Toshkent shahrida jamg‘armaning vakilligi va “Bilim markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlanib, yoshlarni zamonaviy texnologiyalarga keng jalb etishga qaratilgan ta’lim dasturlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. “T3 Vakfi” mazkur tashabbuslarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Mazkur hamkorlik O‘zbekiston va Turkiyaning texnologik kompaniyalari, startaplar, investorlar va ilmiy-ta’lim muassasalarini bir maydonda birlashtirish, innovasion loyihalarni xalqaro bozorlarga olib chiqish hamda Toshkentning Markaziy Osiyodagi texnologik startaplar markazi sifatidagi mavqeini yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

