O‘zbekiston va Germaniya iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida tajriba almashmoqda
Oktabr 07, 2026. 15:58 • 2 daq
• 80
BERLIN, 7-oktabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasida GFRning iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganish maqsadida Berlinda bo‘lib turgan O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi delegatsiyasi ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda O‘zbekiston elchisi Dilshod Axatov delegatsiya a’zolari bilan mamlakatimizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, Germaniyaning institusional va amaliy tajribasini o‘zlashtirish hamda ikki mamlakatning tegishli tuzilmalari o‘rtasidagi kasbiy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Muloqot chog‘ida moliyaviy va raqamli xizmatlar jadal rivojlanayotgan sharoitda iste’molchilar manfaatlarini ishonchli himoya qilish, aholini xolis hamda tushunarli axborot bilan ta’minlash, murojaatlarni samarali ko‘rib chiqish, nizolarni suddan tashqari hal etish va moliyaviy savodxonlikni oshirish hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Safar dasturida raqamli bozorlarda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish, nizolarni suddan tashqari hal etish, ortiqcha qarzdorlikning oldini olish hamda ijtimoiy jihatdan zaif iste’molchilarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, davlat organlari, moliyaviy nazorat institutlari, mustaqil tashkilotlar va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi yaqin hamkorlik mexanizmlarini o‘rganish ko‘zda tutilgan. Olingan tajriba asosida uni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish, murojaatlar bilan ishlash, bozor monitoringi va moliyaviy savodxonlik mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha tegishli takliflar ishlab chiqiladi.
Berlindagi dastur doirasida sohaviy tashkilotlar bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari va tajriba almashish tadbirlari davom etmoqda. Mazkur amaliy safar respublikamizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimi salohiyatini yana-da oshirish, mutaxassislar malakasini mustahkamlash va nemis hamkorlari bilan aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi