Afg‘oniston ekspertlar hamjamiyati O‘zbekiston rahbariyatining Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi bayonotini olqishladi

Iyun 19, 2026. 18:00 • 2 daq

80
Afg‘oniston ekspertlar hamjamiyati O‘zbekiston rahbariyatining Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi bayonotini olqishladi

QOBUL, 19-iyun. /“Dunyo” AA/. Afg‘onistonlik siyosiy ekspert va tahlilchilar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi bayonotini yuksak baholadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, mashhur “Tolo News” telekanali forumdagi bayonotni batafsil yoritib, O‘zbekiston janubiy dengiz portlariga chiqish uchun Transafg‘on koridori loyihasini amalga oshirish ustida jadal ish olib borayotganini ta’kidladi.

Afg‘oniston ekspertlar hamjamiyati Transafg‘on koridori oddiy tranzit loyihasi bo‘lib qolmay, Markaziy Osiyoni jahon bozorlari bilan bog‘lashga qaratilgan strategik iqtisodiy tashabbusga aylanganini alohida qayd etmoqda.

Tahlilchi Mirshakib Mirning fikricha, ushbu loyihaning amalga oshirilishi Afg‘oniston daromadlarini oshirish uchun imkoniyatlar yaratishi, mamlakatda iqtisodiy o‘sishni kuchaytirib, yangi ish o‘rinlari yaratishi mumkin. Bundan tashqari, ushbu koridor Afg‘oniston davlatining Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi bog‘lovchi ko‘prik sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi.

O‘zbekiston yetakchisining nutqini Afg‘oniston ishbilarmon doiralari vakillari ham mamnuniyat bilan qarshi oldi. Forum ishtirokchisi, tadbirkor Muhammad Nabi Afg‘onning ta’kidlashicha, Afg‘oniston delegatsiyasining Toshkent xalqaro forumida ishtirok etishi so‘nggi yillarda Qobul va Toshkent o‘rtasidagi, ayniqsa, savdo, tranzit, energetika va Transafg‘on koridori loyihasini amalga oshirish sohalaridagi munosabatlarning kengayib borayotgani fonida yuz bermoqda.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Afg‘onistonning asosiy iqtisodiy sheriklaridan biri sanaladi va har ikki tomon mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish hamda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash muhimligini bir necha bor ta’kidlagan.

Umuman olganda, afg‘onistonlik ekspertlar O‘zbekistonning iqtisodiy diplomatiyasi va Afg‘onistonni integratsiya jarayonlariga qo‘shish borasidagi izchil pozitsiyasi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin, degan yakdil fikrni bildirmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish