“Corriere della Sera” gazetasi: “Kelajak tomchilari” loyihasi O‘zbekistonda suv tejash samaradorligini oshirmoqda
Iyun 19, 2026. 19:00 • 2 daq
• 72
RIM, 19-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonda Italiya kompaniyalari hamda Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti tomonidan yo‘lga qo‘yilgan “Kelajak tomchilari” loyihasi haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Corriere della Sera” gazetasiga tayanib.
Maqolada yozilishicha, “Kelajak tomchilari” loyihasi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Ushbu tashabbus dalalarda mobil va sun’iy yo‘ldosh tarmoqlari orqali ma’lumotlarni raqamli platformaga avtomatik ravishda uzatuvchi zamonaviy ob-havo stansiyalari va sensorlarini o‘rnatadigan “CNH” va “xFarm Technologies” kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida Toshkent viloyatida dehqonchilik texnologiyalari joriy etilmoqda. Makkajo‘xori, paxta va sholi yetishtirilayotgan qariyb 27 ming gektar maydonda meteorologik stansiyalar, tuproq namligi datchiklari va sholi cheklarini nazorat qilish uskunalari o‘rnatilgan. Loyihaga 60 nafar yosh fermer va agrotadbirkorlar jalb etilgan.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, raqamli yechimlardan foydalanish sug‘orish muddatlarini aniqroq belgilash imkonini beradi. Dastlabki natijalar shuni ko‘rsatadiki, tajriba maydonlarida suv sarfi an’anaviy usullarga nisbatan 12 martagacha kamaygan, hosildorlik esa oshgan.
Loyihaning asosiy elementi “FieldOps” raqamli platformasi bo‘lib, u real vaqt rejimida tuproq holatini kuzatish va sug‘orishni optimallashtirishni ta’minlaydi.
Shuningdek, loyiha mintaqada iqlim o‘zgarishi va o‘tgan o‘n yilliklardagi irrigatsiya siyosati oqibatlari, jumladan, Orol dengizi atrofidagi vaziyat bilan bog‘liq uzoq muddatli suv tanqisligi muammolarini hal qilishga qaratilgan.
Kelgusida tashabbusni amalga oshirish Samarqand viloyatida yangi hamkorlar va ekspertlarni jalb qilish, fermerlar uchun o‘quv dasturlarini o‘tkazish orqali davom ettiriladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi