Andijon va Farg‘ona viloyati eksportchilari Polsha bozori imkoniyatlarini o‘rgandi

Sentabr 16, 2026. 20:00 • 2 daq

5
Andijon va Farg‘ona viloyati eksportchilari Polsha bozori imkoniyatlarini o‘rgandi
Andijon va Farg‘ona viloyati eksportchilari Polsha bozori imkoniyatlarini o‘rgandi
Andijon va Farg‘ona viloyati eksportchilari Polsha bozori imkoniyatlarini o‘rgandi

VARSHAVA, 16-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Andijon va Farg‘ona viloyatlari eksport kompaniyalari vakillari uchun Polshada faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik tadbirkorlar ishtirokida onlayn seminarlar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirlarda ko‘plab tadbirkorlar, ishlab chiqarish va eksport bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar rahbarlari, O‘zbekiston elchixonasi, viloyat hokimliklari hamda Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi vakillari ishtirok etdi.

Ishtirokchilar Yevropa bozoriga chiqish masalalari, Polsha qonunchiligi talablari, bozor standartlari, Lodzdagi logistika va omborxona imkoniyatlarini muhokama qildi. Bozor tahlili, eksportni sertifikatlash, onlayn savdo, savdo uylarini tashkil etish va tijorat takliflarini tayyorlashga alohida eʼtibor qaratildi.

Polshadagi o‘zbek biznesi vakillari o‘z ish tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Mahalliy eksportchilar ko‘p yo‘l qo‘yadigan xatolar, jumladan, bozorni yetarli darajada tahlil qilmaslik va zarur sertifikatlarning yo‘qligi xususida alohida to‘xtalib o‘tildi.

Uchrashuvlar yakunida Andijon va Farg‘ona viloyatlarining Polshaga biznes-missiyalarini tayyorlash, tadbirkorlarning 21–24-oktabr kunlari “Warsaw Home Textile 2026” va 17–19-noyabr kunlari “Fast Textile 2026” xalqaro ko‘rgazmalarida ishtirok etishi bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish