O‘zbekiston va Pokiston o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish masalalarini muhokama qildi
Sentabr 16, 2026. 19:30 • 2 daq
• 13
ISLOMOBOD, 16-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bilol Haye bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo”AA muxbiri.
Uchrashuv avvalida O‘zbekiston tomoni Pokiston vakiliga Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar haqida maʼlumot berdi.
Asosiy eʼtibor oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqotni faollashtirish, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni diversifikatsiya qilish, madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga qaratildi.
Pokiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari oliy darajadagi barqaror siyosiy muloqot va ishonchli aloqalarni qayd etgan holda, ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holatini yuqori baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, savdo-iqtisodiy, transport, turizm va hududlararo hamkorlik sohalarida ijobiy dinamika kuzatilmoqda.
“O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilgan salmoqli natijalardan yaxshi xabardorman. Toshkent mintaqada Islomobodning asosiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. Shu munosabat bilan ikki tomonlama munosabatlarni yanada kengaytirish va ularga ko‘p qirrali tus berish uchun ulkan imkoniyat mavjud”, – dedi Bilol Haye.
U Islomobodda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan barpo etilayotgan “Bobur bog‘i”ni ikki xalqning umumiy tarixi va do‘stligi ramzi, O‘zbekistonning Pokiston xalqiga qimmatli sovg‘asi deb atadi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar ikki davlat rahbarlari tomonidan o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha qo‘yilgan vazifani amalga oshirish mexanizmlarini ko‘rib chiqdi.
Ushbu maqsadga erishish uchun transport-logistika cheklovlarini bartaraf etish va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha yechimlar topish zarurligi taʼkidlandi.
Hududlararo hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Pokiston tomoni joriy yilda Toshkent va Navoiy viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston rahbarlarining Pokistonga tashriflarini ijobiy baholadi.
Tomonlar fuqarolarning o‘zaro qatnovini kengaytirish masalalarini muhokama qildi. O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar soni sakkiztaga yetgani, reyslar sonining yanada ko‘payishi sayyohlar va tadbirkorlarning safarlarini osonlashtirishi qayd etildi.
Uchrashuv yakunda tomonlar diplomatik muloqotni davom ettirishga va mavjud hamkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni muhokama qilishga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi