Eldor Aripov: O‘zbekiston mintaqaviy yadro xavfsizligi arxitekturasini izchil mustahkamlab bormoqda

Iyun 26, 2026. 16:00 • 5 daq

55
Eldor Aripov: O‘zbekiston mintaqaviy yadro xavfsizligi arxitekturasini izchil mustahkamlab bormoqda
Eldor Aripov: O‘zbekiston mintaqaviy yadro xavfsizligi arxitekturasini izchil mustahkamlab bormoqda

TOSHKЕNT, 26-iyun. /“Dunyo” AA/. Bugun poytaxtimizda Markaziy Osiyoning yadro qurolidan xoli zonasi bo‘yicha Toshkent muloqoti doirasida “Markaziy Osiyoning xavfsiz atom kelajagi: yadro qurolini tarqatmaslikdan xatarlarni boshqarish sari” mavzusida ekspertlar muhokamasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI), Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti hamda Montereydagi Middlberiy xalqaro tadqiqotlar instituti qoshidagi Jeyms Martin nomidagi Yadro qurolini tarqatmaslik tadqiqotlari markazi tomonidan tashkil etildi.

Forumni ochib berar ekan, SMTI direktori Eldor Aripov Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zonani rivojlanishiga doir baholarni taqdim etdi. U mazkur zonaning asosiy yutuqlari, bugungi tahdid va xatarlar, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikni yanada mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

U o‘tgan yigirma yil davomida Markaziy Osiyoning yadro qurolidan xoli zonasi mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, strategik barqarorlik va bashorat qilinuvchanlikni mustahkamlash, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni kuchaytirishning samarali mexanizmi sifatida o‘zini to‘liq oqlaganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur zona umumiy majburiyatlarga tayangan holda o‘zaro hamkorlikning barqaror modelini shakllantirishga muvaffaq bo‘lgan mintaqa davlatlarining samarali hamkorligiga yorqin misol bo‘lib xizmat qilmoqda.

Eldor Aripov yadro qurolidan xoli zonani barpo etish tashabbusi O‘zbekiston tomonidan 1993-yilda BMT Bosh Assambleyasi minbaridan ilgari surilganini eslatdi. Uning amaliy ifodasi sifatida 2006-yilda Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zonani tashkil etish to‘g‘risidagi Semipalatinsk shartnomasi imzolangan edi. Mazkur hujjat mintaqa davlatlarining tinchlik, barqarorlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga sodiqligini mustahkamladi.

SMTI direktori ta’kidlaganidek, Markaziy Osiyoning yadro qurolidan xoli zona sifatidagi alohida ahamiyati uning noyob maqomi bilan belgilanadi. Mazkur zona dunyoda to‘liq Shimoliy yarimsharda joylashgan hamda bir vaqtning o‘zida ikki yadro davlatiga chegaradosh bo‘lgan ilk yadro qurolidan xoli zona hisoblanadi. Mintaqa davlatlariga yadro qurolini qo‘llamaslik va uni qo‘llash bilan tahdid qilmaslik kafolatlarining taqdim etilgani esa Markaziy Osiyoning strategik barqarorligini yanada mustahkamladi.

Shu bilan birga, SMTI rahbari Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zona tashkil etilganining yubiley sanasi nafaqat erishilgan natijalarni sarhisob qilish, balki xalqaro xavfsizlik sohasidagi yangi voqeliklarni qayta baholash uchun ham muhim imkoniyat ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, bugungi kunda qurollarni nazorat qilishning xalqaro tizimi chuqur inqirozni boshdan kechirmoqda. Jumladan, O‘rta va qisqa masofaga uchuvchi raketalarni tugatish to‘g‘risidagi shartnoma o‘z kuchini yo‘qotdi, Strategik hujum qurollarini yanada qisqartirish va cheklash to‘g‘risidagi shartnomaning istiqbollari yuzasidan noaniqliklar saqlanib qolmoqda, Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomani ko‘rib chiqish konferensiyalari esa tobora ko‘proq yakuniy hujjat qabul qilinmasdan yakunlanmoqda.

“Atrofimizdagi dunyo yanada bashorat qilinadigan bo‘lgani yo‘q. Aksincha, geosiyosiy keskinlik kuchaydi, yadro ritorikasi faollashdi, yetakchi davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch darajasi sezilarli darajada pasaydi”, — dedi Eldor Aripov. — Uning ta’kidlashicha, aynan shunday sharoitda bashorat qilinuvchanlikni, huquqiy kafolatlarni hamda o‘zaro ishonchni ta’minlaydigan mintaqaviy xavfsizlik mexanizmlarining o‘rni tobora ortib bormoqda.

SMTI rahbari bugungi kunda yadro qurolidan xoli maqomni nafaqat xalqaro-huquqiy majburiyat, balki Markaziy Osiyoning strategik o‘ziga xosligining muhim elementi sifatida ham baholash zarurligini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, mazkur maqomning barqarorligi qabul qilingan majburiyatlarning amalda izchil bajarilishiga, jumladan, Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) bilan hamkorlikni rivojlantirish, malakali kadrlarni tayyorlash, milliy tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, shaffoflik va verifikatsiyani ta’minlashga bog‘liq.

Nutqda tinch maqsadlarda atom energetikasini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda atom energetikasi tarmog‘ini barpo etish dasturi izchil amalga oshirilmoqda, Qozog‘iston esa dunyodagi eng yirik uran ishlab chiqaruvchilardan biri sifatidagi mavqeini saqlab qolmoqda. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo Yevrosiyoning muhim transport-logistika markazlaridan biriga aylanmoqda. Ayni paytda radiatsiyaviy, infratuzilmaviy va ekologik xatarlar ham ortib bormoqda.

“Shu bois bugungi kunda yadro qurolini tarqatmaslikka oid an’anaviy kun tartibidan xatarlarni samarali boshqarish tizimiga o‘tish zarur”, — deya ta’kidladi SMTI direktori. Uning qayd etishicha, bu boradagi ustuvor yo‘nalishlar qatoriga yadro obyektlarining jismoniy muhofazasini ta’minlash, transchegaraviy axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, shuningdek, monitoring va tezkor chora ko‘rish mexanizmlarini takomillashtirish kiradi. Shu bilan birga, uzoq muddatli barqarorlikning asosini verifikatsiya va shaffoflik tamoyillari tashkil etadi.

So‘zini yakunlar ekan, Eldor Aripov Markaziy Osiyo yadro sinovlari o‘tkazilgan hududdan yadro qurolidan xoli zonaga aylanish yo‘lini muvaffaqiyatli bosib o‘tganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, navbatdagi strategik bosqich yadro xavfsizligi madaniyatini to‘laqonli shakllantirishdan iborat. Shuningdek, u bo‘lib o‘tgan muloqot mintaqaviy xavfsizlikni yanada mustahkamlash hamda atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Forum ishida O‘zbekiston va AQSHdan 50 nafardan ortiq vakil ishtirok etdi. Ular orasida davlat idoralari, tahliliy markazlar rahbarlari va yetakchi ekspertlari, shuningdek, yadro xavfsizligi, yadro qurolini tarqatmaslik hamda atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida faoliyat yuritayotgan ilmiy-tadqiqot muassasalari mutaxassislari bo‘ldi.

Xususan, forumda AQSH Prezidenti Administratsiyasi va Milliy xavfsizlik kengashining sobiq vakillari, shuningdek, “Harvard”, “Yale”, “Princeton”, “Berkeley”, “Oxford” va “Cambridge” kabi nufuzli universitetlarning xalqaro munosabatlar sohasidagi olimlari va tahlilchilari ishtirok etdi.

O‘zbekiston tomonidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, SMTI, ITIM, MHTI, MOXI, TSTXTM, STIBOM, JIDU rahbariyati va ekspertlari ishtirok etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish