Logo

Eldor Aripov: O‘zbekiston barcha manfaatdor tomonlarni oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan jalb etishga asoslangan “inklyuziv diplomatiya”ning noyob modelini ishlab chiqdi

Yanvar 23, 2026. 18:52 • 4 daq

24
Eldor Aripov: O‘zbekiston barcha manfaatdor tomonlarni oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan jalb etishga asoslangan “inklyuziv diplomatiya”ning noyob modelini ishlab chiqdi

BRYUSSEL, 23-yanvar. /“Dunyo” AA/. Belgiya poytaxtida Martti Ahtisaari Tinchlik fondi tomonidan Polshaning Yevropa Ittifoqi Kengashidagi raisligi va Ispaniya Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida kecha yuqori darajadagi muloqot o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori, Finlandiyaning sobiq prezidenti tomonidan asos solingan Martti Ahtisaari nomidagi tinchlik fondi Yevropa tinchlikparvar diplomatiyasi tizimida alohida o‘rin tutadi. Fond 100 dan ortiq xalqaro ekspert va 300 ta strategik sherikni qamrab olib, Yaqin Sharqdan Yevrosiyogacha bo‘lgan hududlarda 50 dan ortiq tinchlik yo‘lidagi sa’y-harakatlarga faol ko‘maklashmoqda.

Tadbirda turli mamlakatlardan 120 dan ortiq yuqori martabali vakillar, jumladan, Yevropa tashqi aloqalar xizmati rahbariyati, Yevropa Ittifoqining maxsus vakillari, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari, BMT, Afrika Ittifoqi, Yevropaning yetakchi tahliliy markazlari va tadqiqot institutlari vakillari ishtirok etdi.

Asosiy ishtirokchilar qatorida BMTning Savdo va taraqqiyot konferensiyasi bosh kotibi Rebeka Grinspan, Yevropa Ittifoqining Sahel bo‘yicha maxsus vakili Joau Kravinyu, Afrika Ittifoqi Donishmandlar guruhining a’zosi Pumzile Mlambo-Ngkuka va boshqalar ishtirok etishdi.

Asosiy mavzu Yevropa Ittifoqi siyosiy shiordan o‘zining tashqi siyosatining operatsion mantig‘iga aylantirishga intilayotgan “prinsipial pragmatizm” tushunchasini muhokama qilish bo‘ldi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov O‘zbekiston nomidan ishtirok etdi. U “Tinchlikka erishish uchun prinsipial pragmatizmni qo‘llash” mavzusidagi panel sessiyasida nutq so‘zladi.

Markaziy Osiyo hamda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning keng qamrovli tinchlikparvar siyosati Muloqot ishtirokchilarining alohida e’tiborini tortdi. Yevropalik mutaxassislar Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyodagi izchil va tizimli siyosatiga yuqori baho berdi, uning nafaqat mintaqaviy xavfsizlik tizimiga, balki global miqyosda nizolarni bartaraf etish jarayonlariga ham o‘tkazayotgan transformatsion ta’sirini qayd etdi.

O‘zbekiston barcha manfaatdor tomonlarni oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan jalb etishga asoslangan “inklyuziv diplomatiya”ning noyob modelini ishlab chiqqani alohida ta’kidlandi.

Mintaqa mamlakatlarining faol siyosati Markaziy Osiyoni geosiyosiy raqobat obyektidan mintaqaviy muammolarga o‘z yechimlarini yaratishga qodir bo‘lgan xalqaro munosabatlar subyektiga aylantirish imkonini berdi.

Eldor Aripov o‘z nutqida ta’kidlaganidek, o‘n yil avval Markaziy Osiyo hal qilinmagan chegara masalalari, suv taqsimoti bo‘yicha kelishmovchiliklar, yopiq chegaralar va odamlar o‘rtasidagi cheklangan munosabatlar kabi bir qator jiddiy qiyinchiliklarga duch kelgan edi. Bugungi kunda esa vaziyat tubdan o‘zgargan.

Barcha asosiy nizolar hal qilindi, chegaralar ochiq va funksional bo‘ldi, o‘zaro ishonch darajasi sezilarli darajada oshdi. Mintaqaviy savdo besh barobar, o‘zaro investitsiyalar hajmi ikki barobar ko‘paydi, hatto pandemiya davrida ham Markaziy Osiyo mamlakatlari hayotiy muhim tovarlarni yetkazib berish uchun chegaralarni ochiq holda saqlab qoldi.

“Geografiya emas, siyosiy tafakkur o‘zgardi”, – dedi u.

SMTI direktori ijobiy o‘zgarishlarni ta’minlagan bir necha asosiy omillarni ajratib ko‘rsatdi. Ular orasida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin: oliy darajadagi siyosiy iroda – mintaqa rahbarlarining barqarorlik va taraqqiyot yo‘lini ongli ravishda tanlashi; chegaralarni belgilashdan tortib suv resurslarini boshqarishgacha bo‘lgan murakkab masalalarni hal etishga amaliy yondashuv; mintaqa mamlakatlarining umumiy tarixi va o‘zaro bog‘liqligini anglash; insonlar o‘rtasidagi aloqalar, transchegaraviy savdo va sayyohlik orqali mahalliy jamoalarning faol ishtiroki yordamida mustahkamlangan tinchlik.

“Tinchlik mavhum maqsad emas, balki rivojlanish uchun amaliy zarurat sifatida qabul qilindi”, – deya ta’kidladi SMTI direktori.

Eldor Aripov tashqi hamkorlar bilan munosabatlar haqida so‘zlar ekan, O‘zbekistonning Afg‘oniston borasidagi siyosatiga alohida e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, Toshkent izolyatsiya barqarorlikni ta’minlash vositasi bo‘la olmasligiga qat’iy ishonch bilan yondashmoqda.

“Izolyatsiya modernizatsiyaga ham, barqarorlikka ham yordam bermaydi – aksincha, ekstremizm va terrorizm uchun zamin yaratadi”, – dedi u.

O‘zbekiston iqtisodiy integratsiyaga Afg‘onistonda va umuman mintaqada barqaror tinchlikning asosiy omili sifatida qaraydi. Misol tariqasida Afg‘oniston va Pokiston tadbirkorlari vizasiz rejimda biznes yuritishi mumkin bo‘lgan Termiz shahridagi Xalqaro savdo markazi keltirildi. Bugungi kunda u yerda 200 dan ortiq afg‘on korxonalari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Afg‘oniston hududida sanoat klasteri tashkil etish rejalashtirilgan.

So‘zining yakunida SMTI direktori Markaziy Osiyoning mintaqadan tashqarida tinchlik o‘rnatishga qo‘shgan hissasi tayyor yechimlarni eksport qilish emas, balki pragmatik yondashuvning samaradorligini ko‘rsatishda ekanligini ta’kidladi.

“Mintaqaviy mas’uliyat, iqtisodiy integratsiya va pragmatik hamkorlik diplomatik va xavfsizlik choralarini to‘ldirishga, ularning natijasini kuchaytirishga qodir”, – deya xulosa qildi u.

Bryusselga tashrifi doirasida Eldor Aripov Yevropa va xalqaro tadqiqot markazlari, jumladan, Xalqaro inqiroz guruhi (ICG), Yevropa Ittifoqi xavfsizlik tadqiqotlari instituti (EUISS), Martti Ahtisaari nomidagi tinchlik fondi, Yevropa siyosati markazi (EPC) va Yevropadagi Karnegi fondi vakillari bilan bir qator mazmunli uchrashuvlar o‘tkazdi. Bundan tashqari, Yevropa tashqi aloqalar xizmati (EEAS) vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi.

Suhbat chog‘ida yevropalik sheriklar bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘llari muhokama qilindi. SMTIning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ilmiy-akademik va tahliliy markazlari bilan ekspert muloqotini faollashtirish va hamkorligiga alohida e’tibor qaratildi. Ikki va ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan yangi g‘oya va takliflar ko‘rib chiqildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish