Logo

O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi ko‘pqirrali hamkorlik o‘zaro manfaatli siyosiy muloqot va iqtisodiy kooperatsiya asosida izchil rivojlanmoqda

Aprel 29, 2026. 09:25 • 6 daq

307
O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi ko‘pqirrali hamkorlik o‘zaro manfaatli siyosiy muloqot va iqtisodiy kooperatsiya asosida izchil rivojlanmoqda

TOSHKENT, 29-aprel. /“Dunyo” AA/. 29–30-aprel kunlari Chexiya Bosh vaziri Andrey Babish rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri:

Xalqaro munosabatlarning zamonaviy transformatsiyasi hamda global tahdid va xatarlar kuchayib borayotgan sharoitda qitʼaning bir-biridan olis hududlarida joylashgan O‘zbekiston va Chexiya ikki tomonlama hamkorlikni izchil rivojlantirib, unga yana-da tizimli va ko‘p qirrali tus bermoqda. Siyosiy muloqotni kengaytirish, savdo-iqtisodiy sheriklikni mustahkamlash va gumanitar hamkorlikni faollashtirish tomonlarning sheriklikni chuqurlashtirishdan o‘zaro manfaatdorlikni aks ettiradi.

Toshkent va Praga o‘rtasidagi barqaror aloqalarning shakllanishi 1993-yil 1-yanvarda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon to‘plangan o‘zaro hamkorlik tajribasiga asoslanadi.

Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi aloqalar ikki tomonlama hamkorlikning muhim elementi hisoblanadi. Xususan, 2025-yil 23-sentyabrda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida Chexiya Prezidenti Petr Pavel bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu turli sohalardagi qo‘shma loyihalarga yangi surʼat bag‘ishlash imkonini berdi.

O‘zbekiston va Chexiya ko‘p tomonlama platformalarda hamkorlikni muvofiqlashtirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi aloqalar xalqaro tadbirlar doirasida muntazam ravishda amalga oshirilmoqda. Xususan, 2023 yilda O‘zbekiston va Chexiya tashqi ishlar vazirlarining Lyuksemburgda bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” hamkorlik kengashi yig‘ilishi hamda Skope shahrida bo‘lib o‘tgan YEXHT TIV kengashi yig‘ilishi doirasida ikki tomonlama uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

2024-yil sentyabr oyida Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham ikki davlat tashqi ishlar vazirlari muloqot qilgan edi. Unda vazirlar har tomonlama hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalarini muhokama qilgan.

2024-yil oktyabr oyida Chexiya tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiy rasmiy tashrif bilan Toshkentga kelib, O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri va boshqa rasmiy shaxslar bilan uchrashuvlar o‘tkazgan. Bu uchrashuvlar tomonlar o‘rtasidagi siyosiy muloqotning barqaror rivojlanib borayotganini anglatadi.

Ekspertlarning fikricha, Chexiyaning Toshkentdagi elchixonasiga qo‘shimcha ravishda O‘zbekistonning Pragadagi elchixonasining rasmiy ochilishi tizimli muloqotni yanada mustahkamlash va barcha yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.

O‘zbekiston–Chexiya munosabatlarini rivojlantirishda parlamentlararo va idoralararo hamkorlik muhim o‘rin tutadi. Ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi aloqalar izchil rivojlanib, yanada tizimli tus olmoqda. 2017-yil fevral oyida Chexiya parlamenti Deputatlar palatasi raisi Yan Gamachekning O‘zbekistonga tashrifi parlamentlararo aloqalar rivojiga qo‘shimcha surʼat bag‘ishladi.

Keyingi yillarda o‘zaro tashriflar va maslahatlashuvlar shaklida hamkorlik davom ettirildi. 2025-yilda hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhlarning tashkil etilishi hamkorlikni rivojlantirishning sifat jihatidan yangi bosqichi bo‘ldi.

Parlament bilan bir qatorda iqtisodiyot, sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, taʼlim kabi sohalarni qamrab olgan idoralararo hamkorlik faol rivojlanmoqda.

2025-yil 18-mart kuni Pragada bo‘lib o‘tgan iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston–Chexiya hukumatlararo komissiyasining o‘ninchi yig‘ilishi bu borada muhim rol o‘ynamoqda.

O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, tomonlarning amaliy hamkorlikni kengaytirish va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini aks ettiradi. O‘zaro savdo O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi bitimlarda ko‘zda tutilgan eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi doirasida amalga oshirilmoqda.

So‘nggi yillarda o‘zaro savdo dinamikasi to‘lqinsimon, ammo umuman olganda, o‘suvchi xarakterga ega. 2021–2022-yillardagi pasayishdan so‘ng barqaror tiklanish kuzatilmoqda. 2022-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 184,8 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda 344,2 million dollarga, 2024-yil yakuniga ko‘ra, 434,7 million dollarga yetdi.

O‘zbekiston eksportining asosini xizmatlar, sanoat mollari, tayyor mahsulotlar, oziq-ovqat mollari va kimyo mahsulotlari tashkil etadi. O‘z navbatida, Chexiyadan import asosan mashina va transport uskunalari, kimyo sanoati mahsulotlari va sanoat mollaridan iborat.

Iqtisodiy hamkorlikning amaliy o‘lchovi qo‘shma korxonalar faoliyatida o‘z aksini topadi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda Chexiya kapitali ishtirokidagi kompaniyalar, jumladan, 100 foiz xorijiy ishtirokdagi korxonalar sonining barqaror o‘sish tendensiyasi kuzatilmoqda. Bu chexiyalik investorlarning O‘zbekiston bozoriga qiziqishi ortib borayotgani va biznes yuritish uchun qulay sharoit yaratilganidan dalolat beradi.

Madaniyat sohasidagi hamkorlik Chexiya ijodiy jamoalarining O‘zbekistonda o‘tkaziladigan xalqaro tadbirlarda muntazam ishtirok etishi bilan tavsiflanadi. Chexiya musiqa ansambllari anʼanaviy tarzda Samarqandda o‘tkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro festivalida ishtirok etib kelmoqda. Toshkentda YUNESKO ko‘magida tashkil etilgan xalqaro jaz festivallarida chex jaz guruhlarining chiqishi madaniy muloqotni rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shdi.

Teatr va adabiy hamkorlik alohida o‘rin tutadi. 2016-yilda Toshkentdagi “Ilhom” teatrida Yaroslav Gashekning “Jasur askar Shveykning sarguzashtlari” romani asosida sahnalashtirilgan spektakl chex adabiy merosining O‘zbekiston madaniy makoniga integratsiyalashuvining namunasi bo‘ldi. 2022-yilda Toshkentda Chexiyaning mumtoz va zamonaviy musiqa va sheʼriyat kechasi ham bo‘lib o‘tdi.

Taʼlim va ilm-fan sohasi o‘zaro hamkorlikning eng jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biridir. Ikki mamlakatning yetakchi universitetlari o‘rtasida barqaror hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan, qo‘shma taʼlim dasturlari va tadqiqot loyihalari amalga oshirilmoqda.

1997-yildan buyon Chexiya hukumati har yili O‘zbekiston fuqarolariga oliy o‘quv yurtlarida o‘qish uchun stipendiyalar ajratmoqda. Shu bilan birga, akademik mobillikning barqaror ijobiy dinamikasi kuzatilmoqda. Agar 2020-yilda Chexiyada 350 nafarga yaqin o‘zbekistonlik talaba tahsil olgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich taxminan 650–700 nafarga yetdi. Taʼlimning asosiy yo‘nalishlari texnik, iqtisodiy, agrar va AKT mutaxassisliklardir.

2023-yilda O‘zbekistonning turli shaharlarida Chexiyaning yetakchi universitetlari ishtirokida o‘tkazilgan ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmalar, jumladan, “Study in English in the Czech Republic” turkum tadbirlari taʼlim imkoniyatlarini targ‘ib qilishning qo‘shimcha vositasi bo‘ldi.

Gumanitar aloqalarni rivojlantirishda 2011-yilda Praga shahrida tashkil etilgan Chexiya–O‘zbekiston do‘stlik jamiyati muhim o‘rin tutadi. Tashkilot faoliyati ikki mamlakat jamoatchiligi vakillari o‘rtasida o‘zaro qiziqishni mustahkamlash, aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladigan ilmiy, madaniy va maʼrifiy tadbirlarni o‘tkazishga qaratilgan.

O‘zbekiston–Chexiya munosabatlarining bugungi holati siyosiy muloqot va parlamentlararo hamkorlikdan tortib, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikkacha bo‘lgan barcha muhim yo‘nalishlarda izchil rivojlanmoqda.

Zamonaviy xalqaro vaziyat sharoitida Toshkent va Praga pragmatizm, o‘zaro hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olishga asoslangan o‘zaro manfaatli sheriklikni chuqurlashtirishga intilishini namoyish etmoqda. O‘zbekiston–Chexiya aloqalarini yana-da mustahkamlash nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga, balki O‘zbekistonning Yevropa yo‘nalishi bilan o‘zaro hamkorligini kengaytirishga ham xizmat qiladi.

Shu maʼnoda, Chexiya Bosh vaziri Andrey Babishning O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishda muhim bosqich sifatida baholanmoqda. Uning yakunlari bo‘yicha, eng avvalo, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va transport-logistika sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qo‘shimcha surʼat bag‘ishlashi kutilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish