Logo

Ispaniyadan munosabat: Ostona sammitida Orol muammosiga yangi yondashuvlar ilgari surildi

Aprel 24, 2026. 12:25 • 3 daq

310
Ispaniyadan munosabat: Ostona sammitida Orol muammosiga yangi yondashuvlar ilgari surildi

MADRID, 24-aprel. /“Dunyo” AA/. Pan-Yevropa Ittifoqi prezidenti, professor Karlos Uriarte Sanches (Ispaniya) “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 21–22-aprel kunlari Ostonaga qilgan amaliy tashrifi yakunlari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– Qozog‘iston raisligida Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan Mintaqaviy ekologik sammit va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashining yig‘ilishini katta qiziqish bilan kuzatib bordim.

Sammitning yuqori darajada tashkil etilganini va uning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi ahamiyatini alohida taʼkidlash kerak. Qabul qilingan qarorlar va imzolangan Ostona bayonoti ekologik muammolar, ayniqsa, Orol dengizi inqirozi bilan bog‘liq masalalarga o‘z vaqtida chora-tadbir ko‘rishga xizmat qiladi.

O‘zbekistonning suvdan foydalanish va ekologik barqarorlik masalalariga doir kompleks hamda pragmatik yondashuvi alohida eʼtiborga loyiq. Taqdim etilgan tashabbuslar, jumladan, suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish, resurslarni boshqarishni raqamlashtirish va strategik dasturlarni ishlab chiqish jiddiy siyosiy irodani hamda aniq natijalarga erishishga qatʼiy intilishni namoyon etadi.

Shu nuqtai nazardan, Shavkat Mirziyoyev nutqi va tashabbuslari yuksak bahoga sazovor. Uning Markaziy Osiyodagi suv-ekologiya muammolarini hal etishga yondashuvi aniq va allaqachon amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan mustahkamlangan strategik tafakkurni namoyish etadi.

Suvni tejovchi texnologiyalarning keng ko‘lamda joriy qilinishi, suv resurslarini boshqarishning raqamlashtirilishi, irrigatsiya infratuzilmasining modernizatsiya qilinishi va sohada energiya sarfining tizimli ravishda kamaytirilishi O‘zbekiston suv xo‘jaligida chuqur va izchil transformatsiya yuz berayotganidan dalolat beradi.

Ayniqsa, olib borilayotgan siyosatning milliy kun tartibi doirasidan chiqib, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgani muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston yetakchisi Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining asosiy muvofiqlashtiruvchi institut sifatidagi rolini kuchaytirishni ilgari surar ekan, Markaziy Osiyoda ishonch, o‘zaro masʼuliyat va uzoq muddatli istiqbolga asoslangan hamkorlikning yangi modelini shakllantirmoqda. Suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq chaqiriqlar kuchayib borayotgan sharoitda bunday yondashuv o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekistonning jamg‘arma doirasidagi bo‘lajak raisligi uchun ilgari surilgan ustuvor yo‘nalishlar Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga yangi surʼat bag‘ishlash, uning samaradorligini oshirish va mintaqaviy integratsiyaning muhim mexanizmi sifatidagi rolini mustahkamlashga bo‘lgan intilishni aks ettiradi. Mintaqaviy formatlarni sinxronlashtirish, loyihalar samaradorligini baholash mexanizmlarini takomillashtirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha tashabbuslar ayniqsa muhimdir.

Muammoning gumanitar va taʼlimiy jihatlariga qaratilayotgan eʼtibor alohida eʼtirofga loyiq. Suvga nisbatan ehtiyotkorona munosabat madaniyatini shakllantirish va bu tamoyillarni taʼlim tizimiga integratsiya qilishga berilayotgan urg‘u ijtimoiy ongni o‘zgartirmay turib barqaror rivojlanishga erishib bo‘lmasligini chuqur anglashni ifodalaydi. Bu g‘oya universal ahamiyatga ega bo‘lib, barqaror rivojlanishga doir zamonaviy global yondashuvlarga to‘la mos keladi.

O‘ylashimcha, taklif etilgan tashabbuslar, jumladan, “Kelajak suvi” dasturi va “Suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi”ni o‘tkazish g‘oyasi xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlanishi va samarali mintaqaviy ekologik diplomatiya namunasi bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Yevropa ekspertlar hamjamiyati Markaziy Osiyodagi hamkorlik rivojini katta qiziqish bilan kuzatmoqda hamda konstruktiv muloqotga, tajriba almashishga va ekologik muammolarni bartaraf etishga qaratilgan amaliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor.

Ishonchim komilki, erishilgan kelishuvlar mintaqaning barqaror rivojlanishi va millionlab insonlar hayoti sifatini yaxshilash yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish