Enriko Pinali: O‘zbekiston xorijiy investorlar uchun barqaror va ishonchli biznes muhitini yaratmoqda

Iyun 17, 2026. 19:00 • 2 daq

54
Enriko Pinali: O‘zbekiston xorijiy investorlar uchun barqaror va ishonchli biznes muhitini yaratmoqda

TOSHKЕNT, 17-iyun. /“Dunyo” AA/. Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etayotgan Osiyo taraqqiyot bankining Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha departamenti xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy rahbari Enriko Pinali “Dunyo” AA muxbiriga eksklyuziv intervyu berdi.

– Bu beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib, uning ilk anjumandan buyon izchil rivojlanib borayotganini kuzatish sharafiga muyassar bo‘lganimdan mamnunman. Men birinchi forumda ham qatnashgan edim va bugun mamlakat taraqqiyoti iqtisodiy ko‘rsatkichlarda, ambitsiyali maqsadlarda hamda xalqaro investorlar sonining ortib borayotganida o‘z aksini topayotganini ko‘rib turibman.

O‘zbekiston Prezidentining nutqi mamlakatning rivojlanish trayektoriyasini yaqqol belgilab berdi: islohotlarning boshlang‘ich bosqichidan tortib bugungi darajagacha va yaqin to‘rt-besh yil ichida erishilishi rejalashtirilgan maqsadlargacha. Bu nafaqat mamlakat aholisida, balki xalqaro investitsiya hamjamiyatida ham katta taassurot qoldirdi va muhim signal bo‘ldi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda haqiqatan ham ulkan investitsiyaviy imkoniyatlar mavjud. Bozorga avvalroq kirib kelgan investorlar allaqachon muayyan afzalliklarga ega bo‘lgan bo‘lsa-da, hozirgi rivojlanish sur’ati, ayniqsa, hali to‘liq qamrab olinmagan sohalarda yangi investorlar ishtirokini kengaytirishni talab etmoqda. Ular orasida qayta tiklanuvchi energetika, ishlab chiqarish tarmoqlari va qishloq xo‘jaligini alohida ta’kidlash mumkin. Bu yo‘nalishlarda kelgusi sarmoyalar uchun yuqori salohiyat saqlanib qolmoqda.

Besh yil avval, ya’ni birinchi investitsiya forumi o‘tkazilgan paytda xalqaro investorlarning O‘zbekiston haqidagi xabardorlik darajasi ancha past edi. O‘tgan davr mobaynida mamlakat islohotlarni amalga oshirish va o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarishda sobitqadamlikni namoyon etdi. Xususiy sektorni jalb qilish nafaqat bozorni ochishni, balki biznesning barqaror rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratishni ham taqozo etadi.

So‘nggi besh yillik tajriba O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun amaliy va barqaror biznes muhiti shakllanayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish