“Otra Lectura”: O‘zbekistondagi islohotlar barqaror o‘sish poydevorini yaratmoqda
Yanvar 06, 2026. 09:00 • 2 daq
• 218
MADRID, 7-yanvar. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning “Otra Lectura” tahliliy-axborot portalida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va mamlakat xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston kelajak sari: mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy yuksaltirish real voqelikka aylanmoqda” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada qayd etilishicha, davlat rahbarining maʼruzasida asosiy eʼtibor barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, aholi farovonligining o‘sishi va milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan. Material muallifi aynan iqtisodiyot, o‘sish sifati va innovatsion salohiyat Prezident tomonidan O‘zbekistonning ichki barqarorligi va faol tashqi hamkorligining asosi sifatida ko‘rib chiqilayotganiga eʼtibor qaratadi.
Taʼkidlanishicha, murakkab xalqaro vaziyatga qaramay, O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sish surʼatlarini namoyish etmoqda. Nashrda yalpi ichki mahsulot hajmi 145 milliard dollardan oshgani, eksport sezilarli darajada yuqorilagani, investitsiyalar hajmi ko‘paygani va oltin-valyuta zaxiralari mustahkamlangani haqida maʼlumotlar keltirilgan. Miqdoriy kengayishdan bilimlar, yuqori texnologiyalar va sanoatni modernizatsiya qilishga asoslangan rivojlanishning innovatsion modeliga o‘tish yo‘nalishi alohida ajralib turadi.
“O‘zbekiston uzoq muddatli raqobatbardoshlik, xomashyoga qaramlikni kamaytirish va tashqi tahdidlarga chidamlilikka yo‘naltirilgan iqtisodiyotni izchil shakllantirmoqda”, - deya taʼkidlaydi manba.
“Otra Lectura” nashrining yozishicha, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan belgilangan ustuvor yo‘nalishlar mamlakatni modernizatsiya qilishning sifat jihatidan yangi bosqichiga o‘tganidan dalolat beradi va texnologiya, inson kapitali va barqaror o‘sishga yo‘naltirilgan xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish uchun mustahkam poydevor yaratadi. Bu esa O‘zbekistonning ham, uning xorijiy hamkorlarining ham uzoq muddatli manfaatlariga javob beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi