Logo

“London Post”: O‘zbekiston Prezidenti Murojaatnomada mamlakat taraqqiyotining strategik ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi

Yanvar 04, 2026. 10:00 • 3 daq

365
“London Post”: O‘zbekiston Prezidenti Murojaatnomada mamlakat taraqqiyotining strategik ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi

LONDON, 4 yanvar. / “Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyaning mashhur “London Post” axborot portalida O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Neʼmatovning “Dunyo” AAga bergan intervyusi eʼlon qilindi.

“London Post”da berilgan maqolada taʼkidlanishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida asosiy eʼtibor mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, aholi farovonligini oshirish va milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini kuchaytirish masalalariga qaratilgan. O‘zbekiston rahbari bugun aynan iqtisodiyot, rivojlanish barqarorligi va o‘sish sifati mamlakatning ham ichki, ham tashqi imkoniyatlarini belgilab berishini aniq taʼkidladi.

Akramjon Neʼmatovning fikricha, murakkab va parchalangan tashqi muhitga qaramay, O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sish surʼatlarini namoyon etmoqda. Joriy yilda mamlakat tarixida ilk bor YAIM hajmi 145 milliard AQSH dollaridan oshdi, holbuki, bor-yo‘g‘i to‘qqiz yil avval 100 milliard dollarlik marraga erishish juda yuqori ko‘rsatkich sifatida qabul qilingan edi. Shu bilan birga, global taʼminot zanjirlaridagi uzilishlarga qaramasdan, eksport 23 foizga oshib, 33,4 milliard dollarga yetdi. 2025-yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish 85 milliard kilovatt-soatni tashkil etdi, oltin-valyuta zaxiralari esa 60 milliard dollardan oshdi. Joriy yilda mamlakat iqtisodiyotiga 43,1 milliard dollar investitsiya jalb qilindi va natijada investitsiyalarning YAIMdagi ulushi 31,9 foizga yetdi, bu esa investitsion jozibadorlik ortib borayotganidan dalolat beradi.

Shu munosabat bilan ekspert yuqori iqtisodiy o‘sish surʼatlarini saqlab qolish so‘zsiz ustuvor vazifa bo‘lib qolishini, biroq asosiy urg‘u miqdoriy kengayishdan texnologik va innovatsion rivojlanish modeliga o‘tayotgani prinsipial ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Gap bilim, innovatsiya va yuqori texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyotni shakllantirish, sanoatni modernizatsiya qilish, raqamli iqtisodiyot, ilmiy tadqiqotlar va texnologiyalar transferini rivojlantirish haqida bormoqda. Mutaxassis taʼkidlaganidek, “innovatsion iqtisodiyot uzoq muddatli raqobatbardoshlikni taʼminlaydi va xomashyo bog‘liqligini kamaytiradi, bu esa global beqarorlik sharoitida nihoyatda muhim”.

O‘zbekiston Prezidenti belgilab bergan yana bir strategik ustuvor yo‘nalish — ichki talabni rag‘batlantirishdir. Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, ichki bozorni rivojlantirish barqaror o‘sishning asosiy manbai sifatida qaralmoqda. Bu aholi daromadlarini oshirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda moliyaviy instrumentlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishni o‘z ichiga oladi. Aynan ichki talab barqaror rivojlanish manbalarini yaratadi va iqtisodiyotni tashqi zarbalardan himoya qiladi.

Akramjon Neʼmatovning qayd etishicha, kasblarni rivojlantirish va mehnat bozorining yangi arxitekturasini shakllantirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Prezident kasbiy taʼlim tizimini modernizatsiya qilish, yangi kompetensiyalarni rivojlantirish va zamonaviy iqtisodiyot talablariga javob beradigan moslashuvchan, adaptiv mehnat bozorini shakllantirish vazifalarini belgilab berdi. Mehnat bozori va kasblar XXI asrning asosiy resursi bo‘lgan inson kapitali sifatini belgilaydi.

Shu bilan birga, ekologik muvozanatni taʼminlash, “yashil” energetikani rivojlantirish va suv resurslaridan oqilona foydalanish muhim yo‘nalish sifatida belgilandi. Barqaror rivojlanishga o‘tish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, energiya va suv samaradorligini oshirish hamda iqlim o‘zgarishiga moslashish strategik vazifalar sifatida ko‘rilmoqda. Ekologiya va “yashil” energetika bugun milliy xavfsizlik va barqaror rivojlanish omili hisoblanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zebo Meliyeva

zebo@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish