“Exact Press International”: O‘zbekistonning Transkaspiy transport yo‘lagi orqali yuk tashish hajmi so‘nggi besh yilda ikki baravarga oshdi

Oktabr 18, 2026. 17:00 • 2 daq

• 84
“Exact Press International”: O‘zbekistonning Transkaspiy transport yo‘lagi orqali yuk tashish hajmi so‘nggi besh yilda ikki baravarga oshdi

ISLOMOBOD, 18-oktyabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Exact Press International” nashrida “Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagini rivojlantirish orqali Osiyoning transport bog‘liqligini mustahkamlash” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda xalqaro ta’minot zanjirlarining o‘zgarishi va Osiyoda savdo hajmining kengayishi barqaror transport yo‘nalishlariga bo‘lgan talabni oshirayotgani ma’lum qilingan. Qayd etilishicha, biznes uchun yuklarni yetkazib berish muddatlarining aniqligi, raqobatbardosh tariflar va xorijiy bozorlarga ishonchli kirish imkoniyati tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bunday sharoitda Xitoy va Markaziy Osiyoni Kaspiy dengizi hamda Janubiy Kavkaz orqali Turkiya va Yevropa bilan bog‘lovchi Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi mintaqaviy hamkorlikning muhim yo‘nalishiga aylanmoqda.

O‘zbekiston uchun, dengizga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniyati mavjud bo‘lmagan sharoitda, mazkur yo‘lakni rivojlantirish tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish siyosatining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.

O‘zbekistonning ushbu jarayondagi ishtiroki bir vaqtning o‘zida mazkur yo‘nalishning yuk tashish salohiyatini oshirish va Osiyo davlatlari o‘rtasidagi transport aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Maqolada mazkur yo‘nalishga bo‘lgan talabning ortib borayotgani O‘zbekiston yuklarini tashish hajmining o‘sishi bilan ham ifodalangan. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, ushbu yo‘nalish orqali tashilgan yuklar hajmi 1,2 million tonnani tashkil etib, so‘nggi besh yilda ikki baravarga oshdi. O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan yuk tashish hajmida O‘rta yo‘lakning ulushi 2021-yildagi 12 foizdan 2025-yilda 28 foizga yetdi.

Hamkorlikning muhim mexanizmlaridan biri Osiyo-Tinch okeani mintaqasini Xitoy, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya orqali Yevropa bilan bog‘lovchi CASCA+ xalqaro multimodal transport yo‘nalishidir.

Shuningdek, maqolada Transkaspiy yo‘lagini rivojlantirishda Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lining strategik ahamiyati katta ekanligi urg‘ulangan. 

Kelgusida O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston temir yo‘li loyihasini ilgari surish va uni Transkaspiy yo‘nalishi bilan bog‘lash Janubiy Osiyoning Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz bilan aloqalarini kengaytirish imkonini berishi mumkinligi e’tirof etilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish