Faruk Hasan Husayn Al Zeyer: O‘zbekiston taraqqiyoti uzluksiz davom etmoqda
Iyun 19, 2026. 14:30 • 3 daq
• 100
TOSHKЕNT, 19-iyun. /“Dunyo” AA/. Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi ishida qatnashgan BAAning “AD Ports Group” logistika klasteri raisi Faruk Hasan Husayn Al Zeyer “Dunyo” AA muxbiriga eksklyuziv intervyu berdi.
– Men Toshkent xalqaro investitsiya forumida birinchi marta qatnashayotganim yo‘q. Nazarimda, uning asosiy qimmati O‘zbekistonning imkoniyatlarini va so‘nggi yillarda mamlakatda yuz bergan o‘zgarishlar ko‘lamini dunyoga namoyon etayotganidadir.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ulkan islohotlar dasturi amalga oshirilmoqda va mamlakatga har bir tashrif bu sa’y-harakatlarning yangi natijalarini ko‘rish imkonini beryapti. Rivojlanish uzluksiz davom etmoqda va forum O‘zbekistonning sarmoyaviy salohiyatini xalqaro hamjamiyatga taqdim etish uchun samarali maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda mamlakat barqarorlik, ishbilarmonlik muhitining takomillashuvi, tadbirkorlik uchun imkoniyatlar kengayishi va sarmoyalar himoyasi darajasining ortishi tufayli investorlar uchun tobora jozibador bo‘lib bormoqda. Bularning barchasi uzoq muddatli hamkorlik va yirik loyihalarni amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratadi.
Sarmoya kiritish uchun xorijiy yo‘nalishlarni tanlashda kompaniyalar odatda me’yoriy-huquqiy baza, ishbilarmonlik muhiti, rentabellik istiqbollari, iqtisodiyotning barqarorligi va kelgusi o‘sish salohiyatini baholaydi. O‘zbekiston bir qator muhim afzalliklarga ega. Bu Markaziy Osiyodagi aholi soni bo‘yicha eng yirik bozor, qulay geografik joylashuv va turli sohalarda biznesni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlardir.
Infratuzilma loyihalari, aeroportlar va yo‘l tarmoqlarini modernizatsiya qilish, turizm, logistika, energetika, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish katta qiziqish uyg‘otmoqda. Deyarli har bir tarmoqda sarmoya kiritish uchun istiqbolli yo‘nalishlarni topish mumkin. Mamlakat iqtisodiyoti bilan qanchalik chuqur tanishsangiz, biznes uchun shuncha ko‘p yangi imkoniyatlar ochiladi.
O‘zbekiston Prezidentining iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va isloh etish jarayonlariga shaxsan jalb etilgani alohida taassurot qoldiradi. Uning forumdagi nutqi kelgusi o‘zgarishlarga va belgilangan maqsadlarga erishish yo‘lidagi qat’iyatni tasdiqladi. O‘zbekistonning so‘nggi besh yil ichida erishgan yutuqlari haqiqatan ham hayratlanarli va xalqaro ishbilarmon doiralarining qiziqishini tobora orttirmoqda.
Biz Birlashgan Arab Amirliklarida ham O‘zbekiston bilan munosabatlarni yuksak qadrlaymiz va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaqinlikni hamkorlikning turli darajalarida his etamiz. Tobora ko‘proq biznes vakillari O‘zbekistonga tashrif buyurishga va ushbu bozorda ishlash imkoniyatlarini o‘rganishga intilmoqda.
Sarmoyadorlar uchun mintaqaviy integratsiya, o‘sish istiqbollari, kiritilgan sarmoyaning qaytimi va, eng avvalo, barqarorlik kabi omillar muhim ahamiyatga ega. Bugungi kunda O‘zbekiston ushbu afzalliklarning barchasini o‘zida muvaffaqiyatli mujassam etib, uni mintaqadagi eng jozibador sarmoyaviy yo‘nalishlardan biriga aylantirmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi