Lyu Shenchen: O‘zbekiston yetakchisining nutqi investorlarga aniq strategik yo‘nalish belgilab berdi
Iyun 18, 2026. 14:00 • 2 daq
• 140
TOSHKЕNT, 18-iyun. /“Dunyo” AA/. Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumida qatnashayotgan “China CAMC Engineering” kompaniyasi vitse-prezidenti Lyu Shenchen “Dunyo” AA muxbiriga eksklyuziv intervyu berdi.
– Kompaniyamiz bir necha yildan buyon Toshkent xalqaro investitsiya forumida uzluksiz ishtirok etib kelmoqda. Biz ushbu anjumanni investitsiyaviy faoliyat va biznes hamjamiyatining rivojlanishi uchun aniq yo‘nalishlarni belgilab beradigan, puxta tashkil etilgan platforma deb bilamiz. Shuningdek, biz O‘zbekistonni yuksak qadrlaymiz va uni biznesni rivojlantirish hamda kengaytirish imkoniyatlari mavjud, qulay sarmoyaviy muhitga ega mamlakat sifatida ko‘ramiz.
Ochilish marosimi va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nutqi menda katta taassurot qoldirdi. Har gal Prezident nutqi mamlakatning investitsiyaviy rivojlanishidagi ustuvor yo‘nalishlarni aniq-ravshan belgilab beruvchi va rag‘batlantiruvchi manba sifatida qabul qilinadi.
Davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan qarashlar investorlarga strategik yo‘nalishni teranroq anglashga yordam beradi va loyihalarni amalga oshirishga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi. O‘zbekiston hukumatining qo‘llab-quvvatlashi va ko‘magi tufayli investitsiyalarning barqarorligi va himoyalanganligi hissi vujudga keladi, bu esa xalqaro biznes uchun muhim omildir.
Biz O‘zbekistondagi faoliyatimiz doirasida maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqaradigan ikkita stansiya loyihasini amalga oshirdik. Ularning samaradorligi ijobiy baholanmoqda va kelasi yildayoq elektr energiyasi ishlab chiqarishni boshlashi kutilmoqda.
Bundan tashqari, Olimpiya shaharchasi loyihasi ham muvaffaqiyatli yakunlandi. Loyihalarni amalga oshirish jarayonida bizga markaziy va mahalliy hokimiyat idoralari tomonidan salmoqli yordam ko‘rsatildi va buning uchun o‘z minnatdorligimizni bildiramiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi