Fransiya Yevropa Ittifoqida birinchi bo‘lib 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqda
Iyul 23, 2026. 09:30 • 2 daq
• 118
PARIJ, 23-iyul. /“Dunyo” AA/. Fransiya qonun chiqaruvchilari 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlashni maʼqulladilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “France 24” telekanaliga tayanib.
Bu borada Avstraliya 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun Facebook, Snapchat, TikTok va YouTube kabi tarmoqlarni dunyoda birinchi bo‘lib taqiqlagan edi. Fransiya esa ushbu tajribaga tayanib, Yevropada bunday cheklovni joriy etgan ilk mamlakatga aylandi.
“Fransiya raqamli balog‘at yoshini joriy etish orqali Yevropada birinchi bo‘lib bu yo‘lni ochib bermoqda”, — dedi sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha kichik vazir Ann Le Enanff.
Parlamentning ikkala palatasi — Senat va Milliy majlis qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi. Mamlakat Prezidenti Emmanuel Makron qonun keyingi o‘quv yili boshiga qadar kuchga kirishiga umid qilmoqda.
Yangi normalarga ko‘ra, 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga 1-sentyabrdan eʼtiboran ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochish taqiqlanadi. Platformalarga mavjud hisob yozuvlarini yopish uchun yana to‘rt oy muhlat beriladi. Bundan tashqari, ular Fransiyaning shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish bo‘yicha regulyatori tomonidan maʼqullangan yoshni tekshirish tizimini joriy etishlari kerak bo‘ladi.
Ijtimoiy tarmoq platformalari yosh cheklovlari va himoya choralari allaqachon amalda ekanini aytib, bu kabi cheklovlarga qarshilik ko‘rsatmoqda. Shunga qaramay, ular qonun qabul qilingan taqdirda davlat talablarini bajarishga tayyorliklarini ham maʼlum qildi.
Yevropa Komissiyasi ham yoshlarni himoya qilish uchun ijtimoiy tarmoqlarni tartibga soluvchi o‘z qoidalarini ishlab chiqmoqda va shu orqali Fransiya qonuni amaldagi Yevropa qonunchiligiga mos kelish-kelmasligini baholaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Emmanuel Makron o‘smirlarni masʼuliyatli fuqaro bo‘lib yetishishlari uchun telefonlardan kamroq foydalanishga va ko‘proq kitob o‘qishga chaqirgan edi. Aprel oyida yoshlar oldida chiqish qilar ekan, u tartibga solishning yo‘qligi ijtimoiy tarmoqlarni eʼtiborni chalg‘ituvchi “jungli”ga aylantirib qo‘yganini taʼkidlab, 15 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar uchun cheklovlar joriy etish zarurligini qayd etgan edi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi