“Gamburg–Shanxay 2026” avtorallisi ishtirokchilari O‘zbekistonga yetib keldi
May 05, 2026. 15:25 • 2 daq
• 83BERLIN, 5-may. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning “New Silk Road GmbH” turoperatorining “Gamburg–Shanxay 2026: Zamonaviy avtomobillarda Yangi Ipak yo‘li rallisi” loyihasi ishtirokchilari O‘zbekistonga yetib keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan mazkur loyiha kelishuvi shu yil mart oyida Berlin shahrida amalga oshirilgan edi.
12-aprel kuni Gamburg shahridan start olgan xalqaro avtoralli ishtirokchilari yengil avtomobillarda Yevropa va Janubiy Kavkaz davlatlari orqali harakatlandi. 1-may kuni Qozog‘istondan o‘tib yurtimizga keldi. Ushbu sayohat xalqaro avtomobil yo‘nalishi bo‘ylab 12-apreldan 16-iyungacha davom etadi.
Avtoralli dasturiga ko‘ra, ishtirokchilar quruqlik orqali zamonaviy va klassik avtomobillarda sayohati davomida madaniy almashinuv, mahalliy aholi bilan muloqot va tarixiy savdo yo‘llari bo‘ylab turizmni targ‘ib qilishni rejalashtirgan.
Sayohat loyihasida O‘zbekiston alohida o‘rin tutadi. Mamlakatning tarixiy shaharlari, boy madaniy merosi, betakror meʼmoriy obidalari va mehmondo‘stlik anʼanalari eng qiziqarli yo‘nalishlaridan biri sifatida baholanadi. Xususan, O‘zbekistonning Buyuk Ipak yo‘li tarixida tutgan o‘rni xorijiy sayyohlar uchun har safargidan ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Loyiha rahbari Izabella Hansenning taʼkidlashicha, avtoralli Ipak yo‘li bo‘ylab madaniy sayohat sifatida ishlab chiqilgan bo‘lib, u xalqaro almashinuvni rivojlantirish va xalqaro avtomobil yo‘nalishda joylashgan mamlakatlarni xalqaro auditoriyaga ijobiy tarzda tanishtirishga xizmat qiladi.
“O‘zbekiston doim sayohat dasturimizning eng muhim qismi hisoblangan. Mamlakatingizga safar qilish biz uchun katta sharaf. Ochig‘ini aytsam, O‘zbekiston Buyuk Ipak yo‘lini yuragi hisoblanadi. Dasturlarimiz quruqlikdagi sayohatni madaniy muloqot, mahalliy aholi bilan uchrashuvlar va anʼanaviy savdo yo‘llari bo‘ylab turizmni targ‘ib qilish bilan uyg‘unlashtiriladi”, - deydi Izabella Hansen.
Sayohat dasturiga ko‘ra, O‘zbekistonda mazmunli va uzoq muddat qolish maqsad qilingan, yaʼni mamlakatimizda madaniyat va sanʼat sohasi vakillari bilan uchrashuvlar va mahorat darslari tashkil etish rejalashtirilgan. Bunday sayohatlar Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi madaniy, iqtisodiy va insonlararo aloqalarni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

