Logo

“The Independent”: O‘zbekiston hali yetarlicha kashf etilmagan, biroq ayni paytda xavfsiz va sayohat uchun qulay yo‘nalish sanaladi

May 04, 2026. 09:19 • 2 daq

335
“The Independent”: O‘zbekiston hali yetarlicha kashf etilmagan, biroq ayni paytda xavfsiz va sayohat uchun qulay yo‘nalish sanaladi

LONDON, 4-may. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning “The Independent” internet nashrida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda qayd etilishicha, O‘zbekiston boy tarixiy va madaniy meros, zamonaviy infratuzilma va qulay sayohat sharoitlarini o‘zida mujassam etgani mamlakatni xorijiy sayyohlar uchun tobora jozibador qilmoqda.

Maqolada asrlar davomida yevropaliklarni o‘ziga jalb etgan, Amir Temur, Chingizxon, Aleksandr Makedonskiy kabi buyuk nomlar bilan bog‘liq bo‘lgan Samarqand shahriga alohida eʼtibor qaratilgan. So‘nggi yillarda ushbu betakror shaharga, qolaversa, butun mamlakatga nisbatan qiziqish ortib borayotgani taʼkidlangan.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston hali yetarlicha kashf etilmagan, biroq ayni paytda xavfsiz va sayohat uchun qulay yo‘nalish sanaladi. Mamlakatning xorijlik sayyohlar uchun jozibadorligi uning iqtisodiy barqarorligi, qulay valyuta kursi va nisbatan arzon narxlari bilan izohlanadi.

Maqolada anʼanaviy hunarmandchilik, moda sanoati, Buxoro gilamlari, ipak mahsulotlari, so‘zana kashtachiligi hamda dizayner Madina Qosimboyevaning ijodiy ishlari haqida ham maʼlumot keltirilgan. Shuningdek, o‘zbek matolari va ikat uslubining xalqaro moda brendlariga taʼsiriga alohida to‘xtalib o‘tilgan.

Samarqand, Buxoro va Xiva asosiy sayyohlik markazlari qatorida qayd etilgan. Poytaxt Toshkent esa yangi meʼmorchiligi, madaniy tashabbuslari va ortib borayotgan ishbilarmonlik faolligi bilan zamonaviy hamda jadal rivojlanayotgan shahar sifatida taʼriflangan.

“O‘zbekiston boy tarixiy va madaniy meros hamda zamonaviy taraqqiyotning betakror uyg‘unligini taklif etgan holda, istiqbolli sayyohlik yo‘nalishlaridan biri sifatidagi o‘z mavqeini mustahkamlab bormoqda”, – deya xulosa qiladi “The Independent”.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish