Logo

Xitoyda O‘zbekiston turizmiga qiziqish ortib bormoqda

May 03, 2026. 13:00 • 2 daq

193
Xitoyda O‘zbekiston turizmiga qiziqish ortib bormoqda

SHANXAY, 5-may /“Dunyo” AA/. Shanxayning rivojlanayotgan texnologik va ishbilarmonlik klasterlaridan biri – “Lingan” maxsus hududida O‘zbekistonning turizm va sarmoyaviy imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Xitoy Madaniyat va turizm vazirligi, “Lingan” maxsus hududi rahbarlari hamda turizm sohasida faoliyat yurituvchi yetakchi kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Konferensiyaning panel sessiyasida O‘zbekistonning Shanxaydagi Bosh konsulxonasi xodimlari tomonidan mamlakatimizda turizmni rivojlantirish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Unda O‘zbekistonning boy turizm salohiyati, noyob madaniy-tarixiy merosi, tabiiy hududlari, shuningdek ekoturizm, gastronomik va ziyorat yo‘nalishlari haqida maʼlumot berildi.

Shuningdek, zamonaviy sayyohlik klasterlari, mehmonxona loyihalariga sarmoya kiritish imkoniyatlari, joylashtirish obyektlarini qurish va modernizatsiya qilish, davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalar hamda investorlar uchun yaratilgan imtiyozlar haqida ham so‘z yuritildi.

Taqdimotda O‘zbekistonning xalqaro turizm sohasidagi yutuqlariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, Samarqand va Buxoro ekzotik sayohatlar uchun eng yaxshi yo‘nalishlar ro‘yxatiga kiritilgani, Xiva Islom dunyosining turizm poytaxti deb eʼlon qilingani, Shahrisabz YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgani hamda 2025-yilda Samarqandda Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO)ning 25-Bosh assambleyasi o‘tkazilgani taʼkidlandi.

Konferensiyada ishtirok etgan Xitoy kompaniyalari vakillari Markaziy Osiyoga, ayniqsa O‘zbekistonga kelayotgan xitoylik sayyohlar soni izchil oshib borayotganini qayd etdi.

Tadbir doirasida “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi asosida madaniy va turizm uskunalari bo‘yicha transchegaraviy savdo xizmatlari platformasi hamda talab va taklif maʼlumotlar bazasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tashabbus Xitoy va boshqa davlatlar o‘rtasida savdo va investitsiya hamkorligini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Konferensiyaning ikkinchi qismida O‘zbekistonning sarmoyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan alohida taqdimot o‘tkazildi. Unda turizm va mehmonxona biznesi, “yashil” energetika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, to‘qimachilik sanoati, agrosanoat, logistika va farmatsevtika kabi yo‘nalishlar bo‘yicha imkoniyatlar tanishtirildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish istagini bildirgan qator Xitoy kompaniyalari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish